Gaz quyish shoxobchalari faoliyatida xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan UGaz tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yagona integrator Uzinfocom tomonidan joriy etilgan tizim avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida jarayonlarni real vaqt rejimida qayd etib borish imkonini beradi.

UGaz tizimi qo‘lda hisob-kitob olib borish zaruriyatini kamaytirib, noqonuniy holatlarning oldini oladi hamda iste’molchilar uchun xavfsizlik darajasini oshiradi.

Tizim avtomashina shoxobchaga kirganda texnik ko‘rik muddati, ballon ro‘yxatdan o‘tkazilgani hamda yoqilg‘i turining mosligini avtomatik tarzda tekshiradi. Kamchiliklar aniqlansa, operatorga ogohlantirish yuboriladi.

Shu bilan birga, tizim orqali gaz quyish shoxobchasi qabul qilib olayotgan gaz hajmlarining aniq hisobi yuritilib, noqonuniy holatlar bartaraf etiladi. AGTKShlardagi har bir gaz to‘ldirish kolonkasi va xodimlar faoliyati ham UGaz orqali onlayn nazorat qilinadi.

Tizim IIV, Davlat soliq qo‘mitasi, Toshshahartransxizmat, Elektron hukumat tizimlari, Energonazorat platformasi va OneID bilan integratsiya qilingan. Vazirlik platforma yuzasidan 712022202 (815 va 814) raqamlari orqali bog‘lanish mumkinligini qayd etdi.

Vazirlar Mahkamasi 2024-yil iyul oyida Uzinfocom tomonidan gaz quyish shoxobchalarini tizimga ulash bo‘yicha majburiy talabni joriy etdi. Shuningdek, AGTKSh egalari 2025-yil boshigacha siqilgan gaz iste’moli hisoblagichlarini o‘rnatishlari kerak edi.

Avvalroq O‘zbekistonda birinchi marta tabiiy gazni tozalash uskunalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Jarayon O‘zbekkimyomash zavodida yo‘lga qo‘yildi hamda ilk mahsulot Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yetkazib berildi.