O‘zbekistonda COSCO logistika markazi barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov 24-sentabr kuni Xitoyning COSCO Shipping Logistics & Supply Chain Management kompaniyasi boshqaruvi raisi Tsi Xaydun bilan uchrashdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistondagi soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ma‘lumot berildi.

Tomonlar hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, moliyaviy aloqalar hamda O‘zbekistonda zamonaviy COSCO logistika markazini barpo etish rejalarini muhokama qildi.

Kompaniya vakillari, shuningdek, O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishga qiziqish bildirdi.

23-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev tashqi savdo va transport-logistika sohalarida kechiktirib bo‘lmaydigan choralar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, Yaqin Sharqdagi notinch vaziyatda eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, yuklarni boshqa xavfsiz portlarga ko‘chirish zarurligini ta’kidlagandi.

Undan keyin Transport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi (AIRCUZ) hamda boshqa daxldor idoralar vakillaridan iborat “tezkor shtab” ish boshladi.

Avvalroq O‘zbekiston va Bolgariya qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etishi haqida xabar berilgandi.

COSCO Shipping Logistics & Supply Chain Management — dunyo bo‘ylab keng ko‘lamli logistika xizmatlari va ta‘minot zanjirlarini boshqarishni taqdim etuvchi, COSCO Shipping Group tarkibiga kiruvchi xalqaro kompaniya hisoblanadi.

Pekinda bosh ofisga ega bo‘lgan kompaniya butun dunyo bo‘ylab 610 ta filial, 12 mingdan ortiq xodim va 4 mln kvadrat metrga yaqin omborxona resurslariga ega. U COSCO Shipping Logistics, Penavico, COSTACO, COSCO Shipping Air Freight, COSCO Shipping Chemical, China Tally va China Standard Inspection kabi brendlarni boshqaradi.