Markaziy bank O‘zbekistonda kreditlar qimmatligining asosiy sabablarini sanab o‘tdi. Bu haqda 11-sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida regulyator raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Markaziy bank rahbari kredit foiz stavkalarini ma’muriy yo‘l bilan pasaytirish imkoniyati yo‘qligini, bu bozor sharoitida shakllanishini hamda turli omillar mavjudligini qayd etdi.

“Asosiysi — inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. Birinchi navbatda bozorda pul narxini tushirish uchun uning qadrini ta’minlashimiz kerak. Shuning uchun ham Markaziy bankning asosiy funksiyasi inflyatsiyani pasaytirish, narxlar barqarorligini ta’minlash orqali inflyatsion targetga erishishdan iborat. Bu kredit va depozitlar stavkalariga ta’sir qiladi”, — dedi u.

Foiz stavkalarining erkin shakllanishiga to‘sqinlik qiluvchi yana bir omil — davlat dasturlari doirasida imtiyozli stavkalar asosida ajratiladigan direktiv kreditlashdir. Ishmetovga ko‘ra, imtiyozli kreditlar ulushi qancha yuqori bo‘lsa, bu foiz stavkalarining shakllanishiga ta’sir qiladi.

2024-yil yakunida banklarning umumiy kredit portfelida direktiv kreditlash ulushi 30% ni tashkil etib, so‘nggi 5−6 yil ichida ikki baravarga kamaydi. Markaziy bank raisi imtiyozli kreditlar muammosini bir-ikki yilda hal qilish qiyinligini ta’kidladi, chunki bu inflyatsiyani sekinlashtirishni talab qiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston iqtisodiyotida depozitlar bo‘yicha yuqori real foiz stavkalari, ya’ni aholining inflyatsion kutilmalari va depozitlarning daromadliligi o‘rtasidagi farq shakllangan.

“Bunda ayrim banklarning biznes modellari ta’sirini ko‘rish mumkin: ular aholiga faqat bitta tovar — mikroqarz shaklida kredit berishga o‘tgan. Mikroqarzlar boshqa turdagi kreditlarga nisbatan o‘ta xatarli bo‘lganligi uchun yuqori foizlarda beriladi. Mikroqarzlar yagona instrument bo‘lgani holda yuqori foizlarda berilgani uchun depozitlarni ham yuqori stavkalarda jalb qilish imkoniyati bor. Boshqa banklar ham omonatlar bo‘yicha stavkalarni oshirishga majbur bo‘lmoqda, aks holda raqobatchilar barcha omonatlarni o‘ziga tortib oladi”, — deya tushuntirdi Ishmetov.

Markaziy bank aholining qarz yuki muammosiga jiddiy yondashmoqda. Banklarning agressiv siyosatini, shu jumladan marketing sohasida cheklash uchun regulyator tegishli me’yorlarni kuchaytirmoqda va yil oxirigacha yangi chora-tadbirlarni e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Ishmetov monetar va makroprudensial siyosat kredit stavkalarini pasaytirish imkonini berishini kutmoqda.

Avvalroq Spot Markaziy bank oltin narxining oshishi o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan mustahkamlanishi bilan bog‘liqligini rad etgani haqida yozgandi.