Qozog‘iston Milliy banki 23-sentyabr kuni tengega bog‘langan ilk steyblkoinni muomalaga chiqardi. Bu haqda regulyator rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.

Kriptovalyutani chiqarish bo‘yicha tajriba loyihasi raqamli aktivlar bo‘yicha tartibga soluvchi “qumdon” doirasida amalga oshirilmoqda. Milliy bank Yevroosiyo banki, MasterCard to‘lov tizimi va Solana blokcheyn platformasini hamkor sifatida jalb qildi.

Milliy bank kriptobozor va an’anaviy moliyaviy infratuzilma uchun yangi yechimlarning integratsiyasini ta’minlaydi. Fuqarolar kriptokartalardan to‘lovlarni amalga oshirish uchun boshqa kriptovalyutalarni raqamli aktivga ayirboshlashlari mumkin bo‘ladi.

“Tartibga solish qumdoni doirasida to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha sakkizta pilot loyiha tanlab olindi, ulardan birinchisi — Qozog‘iston steyblkoini”, — dedi Qozog‘iston Milliy banki raisi Timur Suleymanov.

Raqamli valyutani yaratish Qozog‘istonda raqamli aktivlar va vositalarning milliy ekotizimini shakllantirish strategiyasiga kiradi. Qozog‘iston Milliy banki iyun oyida 2022-yilda e’lon qilingan kriptobirjalar hamyonlariga bog‘langan kripto kartalar loyihasini amalga oshirishga kirishdi.

O‘zbekistonda-chi?

10-sentabr kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rahbarining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak Shavkat Mirziyoyevning hisob-kitoblarda steyblkoinlardan foydalanish va qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha topshirig‘i haqida gapirdi. Bu haqda prezident huzuridagi moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishdan so‘ng ma’lum qilindi.

Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov regulyator raqamli aktivlarni chiqarishni ko‘rib chiqayotganini aytdi. Bevosita Markaziy bank tomonidan chiqariladigan raqamli valyuta bilan bir qatorda, tijorat banklari tomonidan emissiya qilinadigan steyblkoinlar varianti ham ko‘rib chiqilmoqda.

“Biz prezidentga steyblkoinlardan foydalanish bo‘yicha pilot loyihani boshlashni taklif qildik. Biz barcha variantlarni o‘rganib chiqmoqchimiz”, — dedi Ishmetov.

U raqamli aktivlarni pul va zaxira bilan ta’minlashni qat’iy nazorat qilish zarurligini ta’kidladi. Uning aytishicha, Markaziy bank NAPP bilan hamkorlikda tartibga soluvchi sinov maydonchasi doirasida steyblkoinlar bilan to‘lovlarni sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.