O‘zbekistonliklar Germaniyaga ishga qabul qilinmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik, Germaniya federal bandlik agentligi hamda Hunarmandlar uyushmasi tomonidan qurilish va texnika sohasidagi malakali mutaxassislar uchun mo‘ljallangan dasturning 3-bosqichi boshlandi.
Dastur doirasida 50 ta ish o‘rinlari ajratilib, tanlovga 100 nafar nomzod jalb etiladi. Tanlov suhbat va test ko‘rinishida o‘tkazilib, g‘oliblar Germaniya bo‘ylab ishlarga jalb qilinadi.
Oylik maosh oyiga 2050 yevrodan boshlanadi. Dastlabki 3 oy sinov muddati hisoblanadi. 5 kunlik ish jadvali 3 smenali bo‘lib, kuniga 8 soatni tashkil etadi.
Qabul qilinganlarga Germaniya yashash standartlariga muvofiq turar joy topib beriladi. Oziq-ovqat va yashash xarajatlari qoplanmaydi, turar joylar narxi — oyiga 300−500 yevrogacha.
Ishtirokchilar nemis tiliga bepul o‘qitilib, ularga stipendiya beriladi. Ular hisobidan Germaniyaga yetib borguncha hech qanday xarajatlar olinmaydi.
Sohalar:
- elektrik;
- santexnika, isitish va sovitish tizimlari bo‘yicha mexanik;
- qurilish texnologiyasi mutaxassisi;
- bino-inshootlar quruvchisi (devor, zinapoya yoki shaxtalar qurish);
- betonchi va temir-betonchi (ko‘priklar, sexlar va ko‘p qavatli binolar qurilishi);
- duradgorlik ishlari bo‘yicha pardozchi (shift, cherdak, sinch va yog‘och karkasli qurilmalar);
- tom yopuvchi (tom karkasi uchun yog‘och konstruksiyalar yasash);
- yo‘l quruvchisi;
- yengil avtomobil texnigi (mexanik, elektronik, gidravlik va pnevmatik tizimlarni sozlash).
Yo‘nalishlar haqida batafsil ma‘lumot bu yerda.
Nomzodlar 20−40 yosh oralig‘ida, davlat tomonidan tan olingan kasb-hunar ta‘limi diplomiga ega bo‘lishlari kerak. Qo‘shimcha sertifikat yoki kurslarni tamomlaganlik ustunlik beradi.
Shu bilan birga, so‘nggi 5 yilda kamida 2 yillik ish tajribasiga ega, sudlanmagan va jismonan sog‘lom bo‘lish talab qilinadi.
Nazariy sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Gyote institutidagi 7−9 oylik nemis tili kursida bepul o‘qishlari mumkin.
Nemis tilidan A2 daraja olganlar Germaniya ish beruvchilari tomonidan suhbat asosida tanlab olinib, mehnat shartnomasi tuziladi va B1 daraja uchun yo‘naltiriladi. Bu darajani olgan ishtirokchilarga esa xalqaro imtihon, viza, aviachipta hamda tibbiy va ijtimoiy sug‘urta xarajati qoplab beriladi va ish bilan ta‘minlanadi.
Ro‘yxatdan ushbu havola orqali o‘tish mumkin.
Batafsil ma’lumotlarni Migratsiya agentliging 1282, 71 202−33−55 (107, 106) telefon raqami orqali olish mumkin.
Avvalroq o‘zbekistonliklar uchun Buyuk Britaniyada mavsumiy ish kvotalari oshirilishi haqida xabar berilgandi. Mehnat ta’minotchilari uyushmasi rekruting kompaniyalari bilan shartnomalar tuzishga yordam beradi.
