O‘zbekistonda 2025-yilning yanvar-avgust oylarida avtomobil ishlab chiqarish sezilarli darajada o‘sdi. Bu Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlarida keltirilgan.

Unga ko‘ra, yil boshidan buyon 284,35 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarildi, bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 9,18% ko‘p. Mamlakatda ishlab chiqarilgan har uchinchi avtomobil Chevrolet Cobalt bo‘lib, uning hajmi deyarli 3% ga (99 013) pasaydi.

Cobalt‘ning oylik ishlab chiqarish hajmi joriy yil boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkich — 15,84 ming donaga yetdi (2024-yil avgustiga nisbatan 8,37% kam). Bunga qadar ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ketma-ket to‘rt oy pasaygan edi: aprelda — 6%, mayda — 10,6%, iyunda — 7,84% va iyulda — 14,7% ga.

Ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Damas turibdi — 57,88 ming dona (-2,79%). Onix‘da ham salbiy dinamika qayd etildi — 20,2 mingdan ortiq (-6,32%).

Tracker ishlab chiqarishi o‘sib (+9%), 29,93 mingga yetdi. Kia ishlab chiqarishni 17,11 ming donagacha ko‘paytirdi. Chery 5909 ta avtomobil ishlab chiqarib, 13,8% o‘sishni ko‘rsatdi. Haval ishlab chiqarishni 2,81 baravarga oshirib, 5303 ta yengil avtomobilga yetkazdi.

Shuningdek, Jizzax viloyatidagi BYD zavodi 12,93 mingta elektromobil ishlab chiqardi. O‘tgan yilgi past baza tufayli ishlab chiqarish hajmi qariyb 51 baravar oshdi.

O‘zavtosanoat maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatda sakkiz oy davomida 261,2 mingdan ortiq avtomobil sotilgan. UzAuto Motors‘ning ulushi 49% gacha kamaydi, keyingi o‘rinlarni Khorezm Auto (33,8%), ADM Jizzakh (11,2%) va BYD Uzbekistan (5,6%) egalladi. Boshqa uchta ishlab chiqaruvchining umumiy ulushi 0,6% dan oshmaydi.

Brendlar orasida Chevrolet yetakchilikni davom ettirmoqda — 216,08 mingdan ortiq avtomobil (Cobalt ulushi — taxminan 39%). Kia savdosi 16,83 mingta avtomobilga yetdi, BYD esa 14,72 mingta elektromobil sotdi. Kuchli beshlikka Chery va Haval kirdi — mos ravishda 7067 va 5288 ta yengil avtomobil.

Modellar kesimida birinchi beshta o‘rinni Chevrolet Cobalt, Damas, Tracker, Labo va Onix egalladi — ular jami sotuvlarning 82,1% dan ortig‘ini tashkil etadi. O‘ntalikka, shuningdek, Kia Sonet, uchta BYD modeli (Song Plyus Champion DM-i, Yuan Up va Chazor) hamda Haval M6 kirdi.

Avvalroq O‘zbekistonda yangi xorijiy avtomobillarni ekologik sertifikatlash bekor qilingani haqida xabar berilgandi.