Murodilla Alimbayev — Iman Chocolate & Fruits va Iman Chocolate Museum asoschisi, tadbirkor va tarjimon. Shokolad biznesiga kirishishidan avval u Barselona futbol klubi sport bo‘yicha direktorining assistenti bo‘lib ishlagan, shuningdek, O‘zbekistonda birinchi golografik kinoteatrni tashkil etgan.

Alimbayev ta’kidlashicha, uning muvaffaqiyatlarida kitoblarning ham alohida o‘rni bor. Ularga bo‘lgan mehr-muhabbati ota-onasining uyidagi boy kutubxonadan boshlangan. U yerda 3000 dan ortiq asar bo‘lgan va shu muhit unda kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otgan.

Murodillaning fikricha, kitob o‘qiydigan insonning dunyoqarashi keng bo‘ladi: u istalgan mavzuda suhbat qura oladi, har doim yangi bilimlarni o‘zlashtirib boradi.

“Hozir o‘qishga ko‘p vaqt ajratolmayapman, ammo imkon tug‘ilishi bilanoq kitob qo‘limdan tushmaydi. Safarlarda odatda 3−4 ta kitob olib yuraman, orasida hali o‘qilmaganlari ham bo‘ladi”, — deydi u.

Bugungi kunda Alimbayevning shaxsiy kutubxonasida 4000 ga yaqin kitob bor. Ularning bir qismi ota-onasidan qolgan, qolganini esa o‘zi xarid qilgan.

Tadbirkor nazarida, kitob inson tafakkurini kengaytiradi, biroq undagi barcha g‘oyalarni to‘liq amaliyotga tatbiq etish imkonsiz. Faqat ayrim jihatlarni o‘z faoliyatiga moslashtirish mumkin.

“Har bir insonning yo‘li o‘ziga xos. Xuddi shuningdek, har bir mamlakatning iqtisodiyoti va madaniyati ham farqlanadi. Masalan, Amerika, Yevropa yoki O‘zbekistondagi biznes tajribasi bir xil emas. Shu bois kitoblardan muayyan elementlarni olib foydalanish mumkin”, — deya ta’kidlaydi Alimbayev.


“Pekin qahvaxonasidan qaydlar”, Jonatan Geldar

Bu men uchun juda qadrli kitob. Uni chet eldagi do‘stim tavsiya qilgan va Xitoy bilan hamkorlikni boshlaganimizdan keyin sovg‘a qilgan. Chunki biz ko‘plab tovarlarni Xitoydan import qilamiz va kitob shu jarayonda juda foydali bo‘ldi.

O‘zbeklarda savdolashish odati bor, biroq Xitoyda bu qabul qilinmagan. Dastlab biz ular bilan narx borasida muzokara qildik, natijada sifatsiz mahsulot oldik. Shundan so‘ng tushundik-ki, xitoyliklar bilan savdolashish har doim ham to‘g‘ri emas ekan.

Aslida Xitoy yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradi. Ular mahsulotlarni “Amerika sifati”, “Yevropa sifati” va “Osiyo sifati” kabi darajalarga bo‘lishadi. Kitobda esa xitoyliklarning madaniyati, ular bilan ishlash tamoyillari, do‘stona munosabatlarni qanday o‘natish mumkinligi haqida batafsil yozilgan.

Shuningdek, unda sovg‘a berish madaniyati, ustozlarga hurmat, WeChat ilovasidan foydalanish qoidalari, kompaniyalar va menejerlarning ish uslubi, qaysi vaziyatlarda savdolashish mumkin va qachon bundan tiyilish lozimligi kabi muhim jihatlar ham bayon qilingan.

Bu kitobni o‘qiganimdan so‘ng, biznesimizda qilgan xatolarimni tushunib yetdim. Eng muhimi, xitoyliklarning madaniyatini chuqurroq angladim, ularga bo‘lgan hurmatim ortdi va bu bilimlar ish faoliyatimda amaliy yordam berdi.

books, kitob tavsiya, kitoblar


“Qur'oni karim”

Qur’on — avvalo insonni aldamaslikka, halol va pok yashashga chorlaydi. Unda ota-onani hurmat qilish, qarindosh-urug‘, qo‘shni va do‘stlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, adolatli yo‘ldan chetga chiqmaslik kabi qadriyatlar ulug‘lanadi. Qur’on inson hayotini qanday kechirish, qanday fazilatli shaxs bo‘lish lozimligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, bu muborak kitob orqali sabr, tavakkal, kechirimlilik, halollik va saxiylik kabi ma’naviy-axloqiy fazilatlarni chuqur anglash mumkin. Har bir oyat insonning qalbiga, tafakkuriga murojaat qilib, uni poklik va komillikka yetaklaydi.

Umuman olganda, Qur’on menga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, hayotiy tajriba va ruhiy tarbiya beradigan eng ulug‘ manbadir. Uni o‘qish orqali men nafaqat diniy bilim, balki insoniylik, axloq, mehr-shafqat, sabr-toqat kabi yuksak sifatlarni ham o‘rganaman.

books, kitob tavsiya, kitoblar


“Ideal marketing”, Niray Davar

Kitob bugungi kunning eng dolzarb va foydali marketing bo‘yicha qo‘llanmalaridan biridir. Unda nafaqat marketingdagi keng tarqalgan xatolar haqida, balki ularni qanday qilib oldini olish mumkinligi ham sodda va tushunarli tarzda bayon etilgan. Shuningdek, asarda shaxsiy hayotdagi yondashuvlar, biznesni to‘g‘ri boshlash, hamda raqobatda qanday ajralib turish kerakligi borasida ham amaliy maslahatlar berilgan.

Bugungi kunda marketingsiz hech bir sohada muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Aynan marketing insonni har bir ishga yangicha qarashga, mijozni chuqurroq tushunishga, mahsulotni to‘g‘ri taqdim etishga va bozorda o‘z o‘rnini topishga yo‘naltiradi. Chunki marketing nafaqat reklama, balki butun biznes strategiyasining yuragi hisoblanadi.

Marketing bo‘lmagan joyda boshqaruv tizimi ham eskicha qolib ketadi. Shu sababli zamonaviy dunyoda har bir tadbirkor, rahbar yoki loyiha ustida ishlayotgan mutaxassis marketing asoslarini mukammal bilishi zarur. Aynan shu bois, “Ideal Marketing” har kim uchun amaliy va foydali qo‘llanma bo‘la oladi.

books, kitob tavsiya, kitoblar


“Innovator bo‘lish”, Jeff Dayer, Xol Gregersen

“Innovator bo‘lish. Dunyoni o‘zgartiruvchi yetakchilarning 5 ta odati” — bu mening eng sevimli kitoblarimdan biridir. O‘zimni innovator deb hisoblayman, chunki hozirgacha ko‘plab yangi loyihalar va startaplarni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lganman. Masalan, bundan besh yil avval gologramma teatri loyihasini amalga oshirgan bo‘lsam, bugungi kunda Iman kompaniyasi orqali yangicha fikrlash asosida biznes yuritmoqdaman. Aynan shu yo‘lda ushbu kitob menga katta ilhom va yo‘l-yo‘riq bo‘ldi.

Kitobda innovator bo‘lish uchun odatiy qarashlardan chiqish, har bir narsaga boshqacha nigoh bilan yondashish va yangicha g‘oyalarni amaliyotda qanday qo‘llash mumkinligi haqida so‘z yuritiladi. Unda ta’kidlanishicha, muvaffaqiyat kaliti — bu oddiy narsaga noodatiy yechim topa olishdir.

Masalan, agar bozorda hamma oddiy non sotsa, siz sog‘liq uchun foydali, davolovchi xususiyatga ega non ishlab chiqarsangiz, albatta o‘zingizga xos o‘rin egallaysiz. Buning uchun esa yangicha fikrlash, tajriba qilish va o‘zgarishdan qo‘rqmaslik zarur.

Bu kitob menga bir narsani anglatdi: har bir insonda innovatsion salohiyat mavjud, faqat uni to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlantirish kerak. Shuning uchun menimcha, ushbu asarni har bir tadbirkor, ijodkor yoki o‘z ishini boshlashni istagan inson albatta o‘qib chiqishi lozim.

books, kitob tavsiya, kitoblar


“Farqlan yoki halok bo‘l!”, Rivkin Stiv, Traut Jek

“Differensiallash yoki o‘lish! Halokatli raqobat davrida omon qolish” — bugungi kunning eng dolzarb biznes kitoblaridan biridir. Unda kuchli raqobat sharoitida kompaniya qanday qilib o‘ziga xosligini saqlab qolishi, bozorda ajralib turishi va uzoq muddatli muvaffaqiyatga erishishi mumkinligi yoritilgan.

Asarda raqobatchilar bilan qanday strategik yondashuvda ishlash, samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, marketing va SMM’dagi keng tarqalgan muammolar hamda ularning amaliy yechimlari batafsil tahlil qilingan.

Kitobni mutolaa qilgach, kompaniyani rivojlantirish, bozorda o‘z o‘rningni topish va brendni to‘g‘ri shakllantirish borasida bilim va tajribaga ega bo‘lasiz. Ayniqsa, o‘z biznesini endigina boshlayotganlar yoki mavjud ishini yangi bosqichga olib chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun bu asar katta qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu kitob menga oddiy mahsulot yoki xizmatning o‘zi kifoya emasligi, agar uni boshqalardan farqlantira olmasangiz, bozorda yo‘qolib ketishingiz hech gap emasligini o‘rgatdi.

books, kitob tavsiya, kitoblar