Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, “Qoratosh” MFY profilaktika inspektori tomonidan mahalla fuqarolariga qilgan videomurojaati tarqaldi. Holat yuzasidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi izoh berdi.

Videoda inspektor shubhali odamlar tomonidan liftlarga “Lift texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan” yozuvi bilan QR kodli stikerlar joylanganini aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu firibgarlar tomonidan amalga oshirilgan, shu bois QR kodni ochmaslik taʼkidlangan.

Qo‘mita bu xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini qayd etib, xabar e’lon qilinishidan oldin holat to‘liq o‘rganilmagani hamda bu aholi o‘rtasida noto‘g‘ri fikr shakllanishiga olib kelganini bildirgan.

Mamlakat hududlarida, xususan, Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylardagi mavjud liftlar xatlovdan o‘tkazilib, ularning texnik holatiga oid bazasi shakllantirildi.

Natijada boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan jami 14 768 ta liftdan 8 536 tasi ishga tushirilmagani, 9138 tasi esa texnik sinovlarsiz foydalanilayotgani aniqlandi. Shundan 7 mingga yaqini poytaxtda o‘rnatilgan.

O‘rganishlar davomida liftlarga QR kodli yorliqlar Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan yopishtirilmoqda. U orqali qo‘mita saytiga o‘tib, liftning texnik jihatdan xavfsizligi haqida batafsil maʼlumot olish mumkin.

Meʼyoriy hujjatlarda liftning holatidan kelib chiqib, yashil (yaroqli), moviy (qisman nosoz), sariq (nosoz) va qizil (foydalanish uchun xavfli) stikerlarni lift kabinasiga yopishtirish belgilangan.

Qo‘mita bu hech qanday firibgarlik holati emasligini qayd etib, shunday holatlar yuz bersa yoki shubhali harakatlar kuzatilsa, 71 203 02 39 ishonch telefoniga murojaat qilishni so‘ragan.

Avvalroq Tatlift kompaniyasi O‘zbekistonda yiliga 2000 ta lift ishlab chiqaradigan zavod ochishi haqida xabar berilgandi.