Milliy banklararo protsessing markazi Humo to‘lov tizimida rejalashtirilgan sozlash ishlari olib borilishini ma’lum qildi.

28-sentabr kuni soat 01:00 dan 03:00 gacha tizimda amalga oshiriladigan profilaktika ishlari davomida Humo bankomatlari va terminallari ishida qisqa muddatli uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.

“Xizmat ko‘rsatish barqarorligi va sifati bizning ustuvor vazifamiz bo‘lgani sababli, sizlarni bu haqda oldindan xabardor qilmoqdamiz. Bu ishlar infratuzilmaning ishonchliligi va xavfsizligini oshirishga qaratilgan”, deyiladi xabarda

Shuningdek, Humo ushbu ishlar yakunlanishi bilan xizmatlar odatiy ish tartibida ishlashini ma’lum qilgan. Kompaniya noqulayliklar uchun uzr so‘rab, holatni to‘g‘ri tushunganlik uchun minnatdorchilik bildirgan.

28-avgust kuni Uzcard to‘lov tizimida uzilishlar yuz berib, ilovalarda o‘tkazmalar va to‘lovlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyati cheklandi. Biroq, Yagona umumrespublika protsessing markazi bu bo‘yicha oldindan ma’lumot bermadi. Bu esa, keyinchalik foydalanuvchilar e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Shu kuni qariyb ikki yarim soatlik uzilishlardan keyin Uzcard faoliyati tiklandi. Protsessing servislarining faoliyati me’yoriy tartibda ishlab, Uzcard bank kartalari bo‘yicha barcha operatsiyalar qayta yo‘lga qo‘yildi.

Avvalroq Oson to‘lov xizmatini boshqaruvchi Brio Group kompaniyasining 100% aksiyialari Farhod Mahmudovdan xolding kompaniyasiga o‘tgani haqida xabar berilgandi. Besh mamlakatdagi operatsion kompaniyalar Farhod Mahmudov va investorlar hamkorligida egalik qiladigan xolding tarkibiga o‘tkaziladi.