O‘zbekiston va Iordaniya muhim mineral resurslar sohasida bir qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vaziri o‘rinbosari Rustam Yusupov rahbarligi hamda Navoiyuran, O‘zbekiston TMK va Uzbek Overseas Geology Company korxonasi mas‘ul xodimlari ishtirokidagi delegatsiya Ammanda bo‘lib, Iordaniya Energetika va mineral resurslar vazirligi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Unda qo‘shma loyihalar, geologiya-qidiruv ishlarini samarali tashkil etish va hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Iordaniyaning NAMC (National Arab Mining Company) kompaniyasi bilan mis, nodir metallar hamda sanoat uchun muhim bo‘lgan minerallar sohasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish maqsadida tegishli yo‘l xaritasi va memorandum imzolandi.
Tashrif davomida JUMCO (Jordan Uranium Mining Company) kompaniyasi va Navoiyuran mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan uranga istiqbolli maydonlar joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Natijada ikki mamlakat vazirliklari va Iordaniyaning NAMC, JUMCO kompaniyalari ishtirokida qo‘shma ishchi guruh tuzildi.
Shuningdek, uran, muhim va rangli metallarga oid istiqbolli maydonlar bo‘yicha birlamchi geologik ma‘lumotlar olindi hamda ularni chuqur o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Avvalroq Iordaniya O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dronlarga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi.