O‘zbekistonda atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari dasturi tez orada boshlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zatom agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev Moskvada bo‘lib o‘tayotgan “Butunjahon atom haftaligi"da ma’lum qildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.

“Biz jamoatchilik eshituvlariga oid keng qamrovli konseptual dastur ishlab chiqdik va tez orada uni boshlaymiz. Dastur doirasida amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlarimizni jamoatchilikka yetkazish uchun soha va xorijdan ko‘plab mutaxassislarni jalb qilamiz. Nima bo‘lmasin, jamoatchilik fikrisiz biz hech qayerga bormaymiz”, — dedi O‘zatom rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoatchilikka katta hajmdagi ma’lumotlarni yetkazish, ulardan fikr-mulohazalar olish va bildirilgan izohlar asosida loyihaga tuzatishlar kiritish rejalashtirilgan.

2024-yilning iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlarga start berildi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.

Joriy yilning aprel oyida kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Qurilish-montaj bazasi energobloklar qurilishi davrida ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi. May oyida kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi.

Shuningdek, Rosatom O‘zbekistondagi KQAES uchun uskunalar ishlab chiqarishni boshladi. Davlat korporatsiyasining Sankt-Peterburgdagi zavodida RITM-200N reaktor qurilmasi uchun 205 tonnalik birinchi quyma quyilgan.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Rosatom Jizzax viloyatida yirik AES qurish bo‘yicha shartnoma imzolagani haqida yozgandi.