Tramp TikTok’ni AQSh kompaniyalariga sotish bo‘yicha farmonni imzoladi, deya xabar bermoqda CNBC nashri.

Bitim doirasida ijtimoiy tarmoqning qiymati $14 mlrdga baholangan. Unga ko‘ra, Xitoyning ByteDance kompaniyasi TikTok’ning Amerika bo‘linmasini sotishi kerak.

Asosiy investorlar Oracle, Silver Lake va MGX investitsiya fondi bo‘lib, ular kompaniya aksiyalarining taxminan 45%ini nazorat qiladi. Yana 35%i ByteDance’ning amerikalik investorlari ixtiyorida qoladi. Qolgan qismi esa ByteDance’ga tegishli bo‘ladi.

Donadl Tramp shartlarga rozilik bergan Xitoy raisi Si Szinpin bilan jarayonni muhokama qilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShda TikTok faqat kompaniyalar va investorlar vakillari tomonidan nazorat qilinadi. U bitim parametrlarini AQSh uchun juda foydali deb ta’rifladi.

Vitse-prezident Jey Di Vensning ta’kidlashicha, kelishuvdan maqsad xizmat faoliyatini saqlab qolish va foydalanuvchilar ma’lumotlarini himoya qilishdir.

WSJ kelishuv tuzilishi haqida 16-sentabr kuni yozgan edi. Manbalarga ko‘ra, kompaniyaning 80%ini oladigan investorlar konsorsiumiga Oracle, Silver Lake va Andreessen Horowitz kiradi.

Shuningdek, Oracle AQShdagi TikTok foydalanuvchilari ma’lumotlarining xavfsizligi uchun javobgar bo‘ladi va xizmat ishlashi uchun bulutli infratuzilmani ta’minlaydi.

2024-yil aprel oyida Jo Bayden tomonidan imzolangan platformani majburiy sotish to‘g‘risidagi qonun qabul qildi.

Amerikalik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlariga tahdidning oldini olish uchun ByteDance TikTokni AQSh yoki unga yaqin yurisdiksiyadagi xaridorga sotishi kerak edi.

19-yanvarga o‘tar kechasi TikTok AQShda o‘z faoliyatini to‘xtatdi va amerikalik foydalanuvchilar uchun ilovaga kirishni, jumladan VPN orqali ham foydalanishni o‘chirdi. Biroq bir necha soatdan so‘ng platforma yana ishlay boshladi va kirish paytida “Prezident Trampning sa’y-harakatlari tufayli „TikTok“ AQShda yana faoliyat yuritmoqda!” degan xabar ko‘rsatildi.

19-yanvar kuni Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida TikTok’ning bloklanishiga yo‘l qo‘ymasligini va’da qildi. Uning aytishicha, bu qadam platformani amerikalik sherik 50% ulushga ega bo‘ladigan qo‘shma korxonaga o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuvga erishish imkonini beradi.

“Biz TikTok’ni qutqaramiz, uni ishonchli qo‘llarda saqlaymiz va faoliyatini davom ettirishiga imkon yaratamiz. AQShning roziligisiz TikTok mavjud bo‘lmaydi. Bizning roziligimiz bilan esa u yuzlab milliard, balki trillion dollarlarga teng qiymatga ega bo‘lishi mumkin,” — deb ta’kidladi tadbirkor.

20-yanvar kuni AQShning 47-prezidenti bo‘lgan Donald Tramp TikTok ijtimoiy tarmog‘ini bloklashni kechiktirish to‘g‘risida farmon chiqardi.

Farmonda Adliya vazirligiga “Do‘stlashmagan chet elliklar tomonidan nazorat qilinadigan ilovalar to‘g‘risida"gi Qonunning ijrosini 75 kunga kechiktirish vazifasi yuklatilgan.

Aprel oyida Donald Tramp AQShda TikTok faoliyatini yana 75 kunga uzaytirishga qaror qilganini ma’lum qildi.

12-iyun kuni AQShda TikTok sotuvini yana kechiktirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. 18-iyun kuni esa Tramp AQShda TikTok’ni bloklashni 90 kunga uzaytirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.