O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyada mavsumiy mehnat ishlarida ishtirok etish dasturiga qayta jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Koreya adliya vaziri o‘rinbosari, Koreya immigratsiya xizmati komissari Kim Jong Do bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, malakalarni o‘zaro tan olish va kasb-hunar ta‘limini rivojlantirish, noqonuniy migratsiyani qisqartirish muhokama qilindi.

Shuningdek, odam savdosi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha ham so‘z borgan.

Muzokaralar yakunida fuqarolarni Koreyada mavsumiy ishlarda (E-8) ishtirok etish dasturiga qayta jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish maqsadida muntazam videokonferensaloqa o‘tkazish uchun ishchi guruh tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

2024-yilning avgust oyida O‘zbekiston va Koreya fuqarolarni E-8 (mavsumiy) va E-7 (professional) vizalari asosida ishga jo‘natish masalalarini ko‘rib chiqdi. 5 ming nafar fuqaroni Ulsanga ishga jalb qilishga va o‘zbekistonliklarning noqonuniy ishlashiga chek qo‘yishga kelishildi.

Noyabr oyida kelishuv doirasida Hyundai kompaniyasiga kamida 350 nafar mutaxassis yetkazib berilishi, loyiha o‘zini oqlasa, Kia va Samsung kabi kompaniyalarga ham minglab ishchilar yuborilishi ma’lum qilindi.

Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston TIV bilan kechgan uchrashuvda Kim Du Gyom Koreya tarixida birinchi marta o‘zbekistonliklarga shahar meriyasi orqali soddalashtirilgan tartibda mehnat vizalarini berish mexanizmi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

Loyihaga jalb qilinganlar uch oylik kasbiy tayyorgarlik va til kurslaridan so‘ng mehnat vizasi berilib, ishga joylashtiriladi. Sinov natijalari asosida, loyiha boshqa shaharlarda ham joriy etilishi mumkin.

May oyida esa O‘zbekiston fuqarolari uchun Janubiy Koreyaning Ulsan shahrida E-7 vizasi asosida ishlash imkoniyati ochildi.

Avvalroq o‘zbekistonliklar uchun Buyuk Britaniyada mavsumiy ish kvotalari oshirilishi haqida xabar berilgandi.