O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim tashkilotlarida magistratura uchun qo‘shimcha qabul ochiladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2025/2026-o‘quv yili uchun magistratura bosqichiga qabul natijalari tasdiqlanib, oliy ta’lim tashkilotlariga yetkazildi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, belgilangan kvota doirasida o‘qishga kira olmagan abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul imkoniyati mavjud.

Bunda oliygohlarning quvvati, moddiy-texnik bazasi va professor-o‘qituvchilar tarkibi inobatga olinadi, qo‘shimcha qabul parametrlari vazirlik bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Qo‘shimcha qabulda ishtirok etishni istagan talabgorlar zarur ma’lumotlarni olish uchun oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi yoki magistratura bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin.

Vazirlik davlat OTMlari magistraturasiga qo‘shimcha qabul asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning to‘lov-kontrakt summasi bir talabaga to‘g‘ri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, oliygoh tomonidan mustaqil belgilanishini eslatib o‘tdi.

Magistratura mutaxassisliklariga onlayn ro‘yxatdan o‘tish iyul oyi boshida boshlanib, arizalar 30-iyulga qadar qabul qilindi. Undan keyin, mutaxassisliklar va o‘qitish tillari bo‘yicha qabul parametrlari e’lon qilindi.

Kunduzgi ta’lim shakl bo‘yicha jami 20 210 ta kvota belgilangan bo‘lib, shundan 9 922 tasi davlat granti, 10 288 tasi esa to‘lov-kontrakt shakli hisoblanadi. Grant uchun o‘zbek tiliga 8 725 ta, rus tiliga 1 197 ta, kontrakt uchun o‘zbek tili — 8 538 ta, rus tili — 1 750 ta kvota belgilangan.

Shu bilan birga, magistraturaning kechki hamda masofaviy ta’lim shakllari bo‘yicha o‘qishga qabul qilish parametrlarining mutaxassisliklar va o‘qitish tillari bo‘yicha ham taqsimoti tasdiqlandi. Kechki shakl uchun jami 1 319 ta (shundan, o‘zbek tili — 1 107 ta, rus tili — 138 ta, qoraqalpoq tili — 74 ta) vkota ajratilgan.

Masofaviy ta’lim shakli uchun jami 420 ta qabul parametri belgilangan bo‘lib, shundan, 352 tasi o‘zbek tili, 53 tasi rus hamda 15 tasi qoraqalpoq tiliga to‘g‘ri keladi.

31-avgust kuni 2025/2026-o‘quv yili uchun davlat OTMlarining magistratura mutaxassisliklariga qabul natijalari e’lon qilindi.