O‘zatom agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekiston hududlarida yangi kichik quvvatli atom stansiyalari qurilishi imkoniyatini qayd etdi. Bu haqda u 25-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan “Butunjahon atom haftaligi” doirasida ma’lum qildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.
Spot muxbirining qo‘shimcha kichik AESlar joylashtirish istiqbollari haqidagi savoliga “Men buni istisno qilmayman”, — deb javob berdi agentlik rahbari.
“Xabaringiz bor, muhtaram prezidentimiz tomonidan sanoat majmualarini, jumladan, yirik miqdorda elektr energiyasi va sanoat bug‘ini talab qiluvchi gaz-kimyo va neft-kimyo sohalarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda. Jizzax viloyatida kichik modulli reaktor loyihasini amalga oshirishga kirishar ekanmiz, jarayonni kuzatib boramiz va rahbariyat tegishli qarorlar qabul qiladi”, — dedi Azim Axmedxo‘jayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston Jizzax viloyatida kichik AES qurilishi orqali kichik modul reaktorlarini joriy etishda katta tajriba to‘plamoqda.
2024-yil oktabr oyida O‘zatom kichik atom elektr stansiyasini qurish uchun 14 ta potensial maydonni batafsil o‘rganishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.
Avgust oyida Azim Axmedxo‘jayev bo‘lajak kichik AESning birinchi betoni 2026-yil mart oyida quyilishini ma’lum qilgandi. O‘zatom rahbarining tushuntirishicha, bu loyihani amalga oshirishning faol bosqichiga o‘tishni bildiradi.
Axmedxo‘jayev kichik quvvatli atom stansiyasi chekka hududlarda energiya ta’minotini nomarkazlashtirishga yordam berishini aytgandi. O‘zbekiston ular yordamida dekarbonizatsiyani rivojlantirish va ko‘mirli issiqlik elektr stansiyalaridan voz kechishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Spot AES qurilishi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari yaqin vaqt ichida boshlanishi haqida yozgandi.