26-sentabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekiston yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shildi.

Ushbu konvensiya 1963-yilning 21-may kuni Venada qabul qilingan. U yadroviy energiyadan tinch maqsadlarda foydalanish natijasida yetkazilgan zararni moliyaviy himoya qilish uchun minimal standartlarni belgilash orqali tomonlarning milliy qonunchiligini muvofiqlashtirishga qaratilgan.

Ayni paytda konvensiyaga 47 ta davlat qo‘shilgan. Ular orasida Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Buyuk Britaniya, Braziliya, Argentina, Saudiya Arabistoni va boshqalar bor.

Yadroviy zarar deganda yadroviy obyektda ionlashtiruvchi nurlanish keltirib chiqaradigan quyidagi yo‘qotishlar tushuniladi:

  • odamlarning halok bo‘lishi, tan jarohati olishi;
  • mol-mulkka zarar yetkazilganda yoki u yo‘qolganda;
  • bunday yo‘qotishlar yoki zararlarga nisbatan da’vo qo‘zg‘atish huquqiga ega bo‘lgan shaxsning iqtisodiy yo‘qotishlari;
  • atrof muhitni tiklash xarajatlari;
  • atrof muhit holatining yomonlashuvi natijasida iqtisodiy manfaatdan olinadigan boy berilgan daromadlar;
  • oldini olish chora-tadbirlari xarajatlari, ular tufayli yetkazilgan keyingi yo‘qotishlar yoki zarar qiymati;
  • boshqa iqtisodiy zararlar, agar fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi qonunda bunga yo‘l qo‘yilsa.

Senatorlarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston konvensiyaga qo‘shilganidan keyin mamlakatda fuqarolik atom energetikasi obyektlaridagi hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, uni qoplash tartibi, shartlari va prinsiplari to‘g‘risidagi normalar qo‘llaniladi. Unda yadroviy halokat yuz bergan taqdirda xalqqa tovon puli to‘lash ko‘zda tutilgan.

Senatorlarning so‘zlariga ko‘ra, konvensiyaga qo‘shilish davlatning javobgarligi va yadroviy qurilmalar operatorining majburiyatlarini belgilashga, yadroviy energetikada sug‘urta tizimini joriy etishga xizmat qiladi.

Ushbu hujjat joriy yilning 27-mayida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 26-iyun kuni Senat tomonidan ma’qullangandi.

Avvalroq O‘zbekiston va AQSh yadroviy hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolagani haqida xabar berilgandi. Hujjat O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida atom energetikasi bo‘yicha keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish asoslarini belgilaydi.