Air Samarkand xususiy aviakompaniyasi ijtimoiy tarmoqlar va OAVda xodimlarning ish haqi kechiktirilgani haqidagi ma’lumotlarga izoh berdi.

Aviakompaniya ayrim to‘lovlar kechikishiga rejadan tashqari xarajatlar sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2025-yil bahor va yoz oylarida butun havo kemalari parki favqulodda texnik xizmatdan o‘tkazilgan va bu qisqa muddatlarda rejalashtirilmagan katta xarajatlarni talab qilgan. Shu bois ish haqi to‘lovlari muddatlariga ta’sir ko‘rsatgan.

Aviakompaniya xodimlardan uzr so‘rab, ish haqi bo‘yicha qarzdorlikni imkon qadar tez bartaraf etishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Hozirda investorlar va hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda, xarajatlar optimallashtirilmoqda va to‘lovlarga ustuvorlik berilmoqda.

Air Samarkand’ning barcha samolyotlari to‘liq texnik xizmatdan o‘tgan va xalqaro hamda milliy xavfsizlik standartlariga muvofiq barqaror reyslar bajarilmoqda. Kompaniya yangi parvoz dasturlarini ham joriy qilmoqda.

Rahbariyatning ta’kidlashicha, xodimlarning fuqaroligi, lavozimi yoki ish stajidan qat’i nazar, mehnatga haq to‘lash majburiyatlari bir xil tartibda bajariladi. Shuningdek, shoshilinch vaziyatlarda xodimlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Kompaniya barcha o‘zgarishlar va qarorlar haqida jamoaga ochiq muloqot asosida axborot yetkazib borishini ma’lum qildi.

SHOT Telegram-kanali o‘tgan haftada Air Samarkand aviakompaniyasining rossiyalik ishchilari iyun oyidan beri maoshlar kechikayotgani haqida shikoyat qilgani haqida xabar bergan edi. Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, 50 ga yaqin kishi uch oy davomida o‘zbekistonlik tashuvchidan uy-joy ijarasi va “hatto oziq-ovqat” uchun pul olmagan.

Kompaniyaning ba’zi xodimlari allaqachon ishdan bo‘shashgan, dedi SHOT suhbatdoshlari. Ularning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday holat joriy yilning bahorida ham kuzatilgan, biroq uchuvchilar, bort kuzatuvchilari va boshqa xodimlar o‘sha paytda maosh to‘lanishiga erishgan.

Air Samarkand 2022-yilning aprelida tashkil etilgan. Kompaniya to‘liq tejamkor konfiguratsiyaga ega ikkita o‘rta masofali Airbus A320 samolyotida Rossiya va Osiyoning 14 ta shahriga parvoz qilishni rejalashtirgandi.

2023-yili kuz-qish mavsumida aviakompaniya Samarqanddan Janubi-Sharqiy Osiyo, Turkiya, Xitoy va Yaqin Sharq mamlakatlariga muntazam va charter reyslarini yo‘lga qo‘yishi belgilangandi.


Avvalroq Spot Aeroflot sentabr oyida O‘zbekistonning ayrim shaharlariga parvozlarni tiklashi haqida yozgandi.

Aviakompaniya Moskvadan Buxoro va Urganchga parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yadi hamda Sankt-Peterburgdan Toshkent va Samarqandga yangi reyslar ochadi.