Avvalroq prezident rahbarligida paxta hosili yig‘imi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari hamda Yashil makon loyihasi doirasidagi ishlar tahlili yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida davlat rahbari Toshkent shahrida 661 ta ko‘p qavatli uyning joriy mavsumga tayyor emasligini tanqid qilganini qayd etdi. 1-oktabrgacha barcha ishlarni, jumladan isitish tizimlarini tozalash va profilaktika jarayonlarini yakunlash belgilangan.

Joriy yilda 64 mlrd so‘mlik dasturni amalga oshirish belgilangan. Uning doirasida yil oxirigacha poytaxtdagi 319 km kabellarni almashirish hamda 48 ta transformatorni modernizatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 1-noyabrgacha yakunlanadi.

Hududgazta’minot raisi Ma’rufxon Xo‘jayev suyultirilgan gaz zaxirasi yaratilganini, aholiga 330 ming tonna propan vaqtida yetkazib berilishi ta’minlanishini ma’lum qildi.

Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Mamatkarimov esa prezident tomonidan imzolangan qaror bilan uzatish va taqsimlash, shuningdek, yuqori va past kuchlanishli tizimlarni qish mavsumiga tayyorlash topshirilganini qayd etdi.

Xususan, 53 ta podstansiyada 900 km.dan ortiq yuqori kuchlanishli kabellar, Toshkent shahridagi 19 ta yuqori va past kuchlanishli podstansiyalarda profilaktika ishlari olib boriladi. Buning uchun mablag‘ ajratilib, muddatlari belgilandi. Energetika vazirligi va tarmoq tashkilotlari esa 24/7 rejimiga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz bo‘yicha zaxiralar yaratilib, avariya brigadalari tayyorlandi, shuningdek, hududlarga 40 mingdan ortiq qo‘shimcha zaxira gaz ballonlari yetkazib berildi.

O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov korxona 35−500 kV kuchlanishli liniyalarni ekspluatatsiya qilish hamda davlatlararo elektr energiyasi tranzitiga mo‘ljallanganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, MET joriy yilgi mavsumiga tayyor.

“Bu yilgi mavsumda O‘zbekiston energiya tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 300 mln kVt/soatdan oshishi, maksimal quvvat esa 13 GVtdan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. 5-oktabrgacha kuz-qish mavsumiga tayyor bo‘lamiz”, — dedi Isaqulov.

Shu bilan birga, u davlat rahbari joriy mavsumni betalafot o‘tkazish uchun “bir qator vazifalar yuklagani"ni qayd etib, berilgan topshiriqlarning barchasini bajarish orqali bunga erishish mumkinligini ta’kidladi.

Joriy yilning 18-iyul kuni anomal issiq tufayli elektr energiyasining kunlik iste’mol hajmi 272,6 mln kVt/soatdan oshib, qishki maksimum (271,8 mln kVt/soat) va avvalgi yozgi rekord ko‘rsatkichni (253,3 mln kVt/soat) yangilagandi.

Avgust oyi avvalida prezident Toshkentdagi elektr tarmoqlarini kuz-qish mavsumigacha yangilashni topshirgandi. Poytaxtda 46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlaydi. Birinchi bosqichda 374 km tarmoq, 11 ta podstansiya, 62 ta transformatorni yangilash ko‘zda tutilgan.