Amerikalik bloger Camperghini O‘zbekiston hududidan avtomobilini olib chiqishda to‘lovlar bilan qiyinchiliklarga uchradi. Bunga Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi Shuhrat Qurbonov eʼtibor qaratdi.
Sayohatchining aytishicha, u Tojikistonga ketayotganda chegara postida to‘xtatilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bojxona xodimlari “bu yerda uzoq vaqt qolib ketgan deb hisoblangan avtomobil uchun” $2000 miqdorida “to‘lov” belgilanganini maʼlum qilishgan.
Konnor (blogerning asl ismi) to‘lov hujjatini so‘ragan, ammo uni ololmagan. U yig‘imni to‘lashga eʼtiroz bildirmoqchi bo‘lgan, lekin bojxona xodimlari bilan kelishmovchilikdan so‘ng uni to‘lashga qaror qilgan.
“To‘lovni amalga oshirish uchun borib, kassirga kredit kartamni bersam, terminal ishlamas ekan — faqat naqd pul qabul qilishar ekan. Muammo shundaki, [eng yaqin] bankomat bu yerdan 40 km uzoqlikda”, — dedi bloger.
Turistik vizasi muddati tugagani sababli, Konnor chegara hududini tark eta olmagan. Uning aytishicha, u uch kun davomida postda “yoki terminalni ishga tushirishlarini, yoki Trampning uni “qo‘yib yuborishni talab qiladigan qo‘ng‘irog‘ini” kutib o‘tirgan.
Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev sayohatchining murojaatiga izoh berdi. U Konnor Lamborjini rusumli avtomashinaning O‘zbekistonda bo‘lish muddatini salkam 2 oyga o‘tkazib yuborganligi va shu boisdan avtotransport vositasini olib chiqishga taqiq qo‘yilganligi maʼlum qildi.
29-sentabr kuni kechqurun bloger 23,72 mln so‘m yig‘imni to‘lab, O‘zbekistonni tark etgan. Bloger dam olish kunlari bank filiallari va ayirboshlash shoxobchalari ishlamagani uchun dushanbagacha kutishga majbur bo‘lgan.
Tangriyev xorijiy avtotransport vositalarining O‘zbekistonda bo‘lish muddati 90 kunni tashkil qilishini eslatib o‘tdi. Mazkur holatda avtomashina 2-may kuni kirib kelgan va uni qaytarib olib chiqib ketish muddati 2-avgust qilib belgilangan.
2024-yilning mayida O‘zbekistonda xorijiy avtomobillarni vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘zgartirilgandi. Bojxona bojlari va soliqlardan to‘liq ozod etilgan muddati o‘tgandan so‘ng xorijiy avtomobilni bir yil davomida 90 kundan ortiq muddatga vaqtinchalik olib kirganlik uchun olib chiqib ketish muddatining o‘tkazib yuborilgan har kuniga BHMning 1 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Spot, avvalroq, Dovut ota posti orqali harakatlanish bo‘yicha kiritilgan cheklovlar yil oxirigacha uzaytirilgani haqida yozgandi.