2-oktabrdan ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bunda joriy yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar doirasida taqdim etilgan subsidiya xabarnomalarining foydalanilmagan qismi hisobiga arizalar qabuli amalga oshiriladi.

Arizalarni 2-oktabr kuni soat 09:00 dan boshlab Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish yoki Yagona portal (my.gov.uz) hamda MyGov ilovasi orqali onlayn jo‘natish mumkin.

Talabgor va uning yaqin qarindoshlarining (bunda yaqin qarindoshlar arizada ko‘rsatilgan hollarda) o‘rtacha daromadi quyidagicha bo‘lishi kerak:

  • Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravardan 8 baravargacha (3,431 mln — 10,168 mln so‘m);
  • Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravardan 9,2 baravargacha (3,431 mln — 11,693 mln so‘m).

Subsidiya uchun ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar asosida kamida 30 ball to‘plashi lozim. Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar alohida tartib asosida baholanadi.

Shuningdek, arizachi yoki uning turmush o‘rtog‘ining nomida butun mamlakat bo‘ylab mulk huquqi asosida turar joy mavjud bo‘lmasligi kerak.

Joriy yilning 10-iyul kuni ipoteka kreditlari uchun ajratilgan subsidiya xabarnomalarining foydalanilmagan qismiga arizalar qabuli boshlangandi.

Uy-joy sotib olishda ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplashga budjetdan mablag‘ ajratiladi. Kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lab beriladi.

Subsidiyalar birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun amal qiladi, ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni qoplashga 30 mln so‘m ajratiladi. Joriy yilgi dastur doirasida 30 ming nafar talabgorga subsidiya ajratish belgilangandi.

Spot subsidiya uchun arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi. Ularni havola orqali jo‘natish mumkin.


Avvalroq Toshkentda uy-joy uchun subsidiya summasini oshirish taklif etilgani haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimligi subsidiya miqdori aholi ehtiyojini to‘liq qoplamayotgani, shuning uchun shartlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.