Prezident iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan foydalanish va qishloq xo‘jaligi quyi bo‘g‘inida boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, kelasi yildan Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan yiliga kamida 3 marta davlat kosmik monitoringi o‘tkaziladi.
Monitoringlarda quyidagi holatlarni aniqlash lozim:
- geologiya sohasida — yer qaʼridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, shu jumladan, ruxsatnomada ko‘rsatilgan hududdan tashqariga chiqish;
- yer munosabatlari sohasida — yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda ularda bino va inshootlar qurish;
- ekologiya sohasida — mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish, shuningdek, noqonuniy yangi chiqindi zonalari vujudga kelishi.
2026-yil 1-martdan belgilangan vakolatli organlar o‘zi aniqlagan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha maʼlumotlarni onlayn ravishda tegishli konturlar kesimida raqamli ko‘rinishda integratsiya orqali SGM platformasiga taqdim etib boradi.
Bunda maʼlumotlar ogohlantirish berilgani, huquqbuzarlik bartaraf etilgani, hujjatlar prokuratura va sud organlarida ko‘rib chiqilayotgani to‘g‘risidagi belgilarni o‘z ichiga oladi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yildan har kalendar yil yakuniga qadar mamlakat bo‘yicha kosmik texnologiyalar imkoniyatidan kelib chiqqan holda daraxtzorlarning noqonuniy kesilishini kosmik monitoring orqali aniqlash yo‘lga qo‘yiladi.
Kelgusi yildan boshlab agentlik imkoniyatlaridan foydalanib bir qator sohalarda loyihalar sinov tariqasida amalga oshiriladi. Jumladan, Energetika vazirligi tomonidan 2026-yil 1-avgustgacha Bo‘ka tumanida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari holati aerokosmik monitoringdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, “yashil” energetikani rivojlantirish maqsadida kelasi yil 1-oktabrgacha Surxondaryo viloyatida quyosh panellarini joylashtirish va yuqori samaradorlikka erishish imkoniyati mavjud bo‘lgan maydonlar aniqlanadi.
Bundan tashqari, Transport vazirligi tomonidan Toshkent-Angren yo‘nalishidagi temir yo‘lda aerokosmik monitoring amalga oshiriladi.
Iyul oyida O‘zbekkosmos dala yong‘inlarini kuzatish imkonini beruvchi portalni ishga tushirgandi. Bundan tashqari, maxsus Telegram-bot orqali yong‘in guvohi bo‘lgan fuqarolardan ma’lumotlar qabul qilinadi.
Spot, avvalroq, kichik AESlar O‘zbekiston hududlarida energiya ta’minotini nomarkazlashtirishga yordam berishi haqida yozgandi.