BAAda sun’iy intellekt mutaxassislari, haydovchilar, sayyohlar va tadbirlarga tashrif buyuruvchilar uchun yangi viza toifalarini qo‘shdi. Bu haqda Gulf News nashri xabar berdi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, sun’iy intellekt sohasidagi mutaxassislar tegishli tashkilot yoki homiyning taklifnomasiga asosan BAAga maxsus bir martalik yoki ko‘p martalik viza bilan tashrif buyurishlari mumkin bo‘ladi.

Mahalliy tadbirlarga tashrif buyuruvchilar, mamlakatga “hordiq chiqarish” maqsadida kelgan chet elliklar, kruiz kemalar va sayyohlik qayiqlari yo‘lovchilari uchun alohida viza turlari belgilandi.

Ular ham taklifnoma xatini taqdim etishlari shart, kemada kelganlar esa qo‘shimcha ravishda sayyohlik yo‘nalishini ham ko‘rsatishlari kerak.

Yuk mashinalari haydovchilari mahalliy ixtisoslashgan ish beruvchi va tibbiy sug‘urta mavjud bo‘lganda, shuningdek, boj to‘lovlari va boshqa moliyaviy kafolatlarni ta’minlaganda tegishli vizani rasmiylashtirishlari mumkin.

Xorijiy tadbirkorlar uchun BAA hukumati biznes yuritish imkoniyatlarini o‘rganish vizasini olishda yangi shartlar kiritdi.

Ulardan mamlakat tashqarisida shunga o‘xshash faoliyat bilan shug‘ullanayotganliklarini yoki “zarur” miqdorda moliyaviy mablag‘ga ega ekanliklarini tasdiqlashlari talab etiladi.

Endi qarindoshlar va do‘stlarni taklif qilganda ham mehmon vizalari uchun moliyaviy kafolat taqdim etish kerak bo‘ladi. Kafilning eng kam daromad chegarasi qarindoshlik darajasiga qarab 8 mingdan 15 ming dirhamgacha (taxminan $2178 ddan $4084 gacha) belgilangan.

Yangi shartlarga ko‘ra, qochqinlar BAAda “insonparvarlik” asosida yashash uchun ruxsatnoma olishlari mumkin — bu hujjat taklif qiluvchi tomon bo‘lmasa ham bir yilga berilib, uzaytirish imkoniyatiga ega. Agar shaxs mamlakatdan chiqib ketsa, ushbu hujjat bekor qilinadi.

Shuningdek, qonundagi o‘zgartirishlar bevalar va ajrashgan ayollarga, ular BAA fuqarolariga yoki mamlakatda yashovchi chet elliklarga turmushga chiqqanligidan qat’i nazar, yashash uchun ruxsatnoma olish imkoniyatini ham nazarda tutadi.


Avvalroq Spot BAA ijodkorlar uchun viza dasturini ishga tushirgani haqida yozgandi.

Mazkur viza uning egalariga mahalliy homiy yoki muntazam uzaytirishsiz besh-o‘n yil davomida BAAda yashash imkonini beradi.