Hukumat Toshkentdagi sobiq Chorsu mehmonxonasi o‘rnida loyiha hujjatlari yakunlangunga qadar qurilish uchun tayyorgarlik ko‘rishga ruxsat berdi. Bu haqda 23-sentabr kuni Manar Development bosh direktori Davron Fayzimatov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Spot’ning qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlar mavjudligi to‘g‘risidagi savoliga Manar Development ijrochi direktori Rustam To‘rayev developer allaqachon ruxsat olgani, arxitektura-shaharsozlik kengashida loyiha kelishuv bosqichida ekanini aytdi. “Shu bilan birga, biz barcha xatarlarni o‘z zimmamizga olgan holda ishchi hujjatlarni ishlab chiqyapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
“Bizda parallel loyihalash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining ruxsati ham bor, ushbu hujjatdan foydalanamiz. Ishchi hujjatlar hozircha [ishlab chiqish] jarayonida”, — dedi Manar Development bosh direktori.
Davron Fayzimatovning aniqlik kiritishicha, hukumat qarori quruvchiga tayyorgarlik ishlarini boshlash, jumladan, kotlovan qazish imkonini beradi. Shu bilan birga, loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sobiq Chorsu mehmonxonasi o‘rnidagi obyekt turistik zonada joylashgani bilan muhim ahamiyatga ega. Parallel loyihalash esa loyihani amalga oshirishni tezlashtiradi.
Spot sobiq Chorsu mehmonxonasi o‘rnida umumiy maydoni 100 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan ko‘p funksiyali majmua qurilishi haqida yozgandi. Loyiha qiymati $100 mlndan ortiqni tashkil etib, qurilish 3,5 yil davom etadi hamda 2029-yil oxirigacha yakunlanadi.
Hududning katta qismi uy-joy uchun ajratiladi — 38,3 ming kv.metr. Savdo zonalari va mehmonxona uchun har biriga 20 ming kv.metrdan ajratiladi. Yana 14 ming kv.metrda ofis maydonlari joylashtiriladi.
Joriy yilning yanvar oyida boshlangan ushbu mehmonxonaning buzilish ishlariga $3 mln sarflandi. Manar Development buning uchun alohida demontaj loyihasini ishlab chiqib, jarayonni o‘z hisobidan moliyalashtirdi.
Avvalroq Toshkentda uy-joy uchun subsidiya summasini oshirish taklif etilgani haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimligi subsidiya miqdori aholi ehtiyojini to‘liq qoplamayotgani, shuning uchun shartlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.