Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi Ilon Mask Marsda yashash va o‘lish imkoniyatini tan oldi. Bu haqda amerikalik tadbirkor X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

“Menda hozir va har doim faqat bitta pasport bor: AQShniki. Men shu yerda yashab, shu yerda vafot etaman. Yoki Marsda (u ham Amerikaning bir qismi)”, deya ta’kidladi tadbirkor.

2020-yil yanvarida Ilon Mask Marsda shahar barpo etish rejalarini ma’lum qildi. Tadbirkor 2050-yilgacha Marsga bir million kishini jo‘natishni va u yerda “ko‘plab ish o‘rinlari” yaratishni mo‘ljallamoqda.

Mart oyida milliarder Starship kosmik kemasining Marsga ilk parvozi 2026-yil oxirida amalga oshirilishini e’lon qildi. Agar Optimus odamsimon robotlarining vazifasi muvaffaqiyatli bajarilsa, 2029-yilda birinchi insonlar Marsga qo‘nishi mumkin.

Biroq u 2031-yilni ehtimoli ko‘proq sana deb bilishiga aniqlik kiritdi.

Tesla 2026-yilgacha odamsimon robotlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Kompaniya ichki foydalanish uchun joriy yildayoq Optimus robotlarini ishlab chiqarishni boshlaydi.

Ilg‘or sun’iy intellekt va Tesla avtopiloti bilan jihozlangan Optimus robotlari aniqlik va nozik buyumlar bilan ishlashni talab qiladigan turli xil vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan. Yangi avlod Optimus Gen 2 ning narxi $10−20 ming atrofida baholanmoqda.


Avvalroq Spot Ilon Mask Microsoft’ga raqobatchi bo‘ladigan Macrohard kompaniyasiga asos solgani haqida yozgandi.

Maskning ta’kidlashicha, kompaniya an’anaviy dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilariga muqobil sifatida yaratilmoqda.