Qozog‘istonning Halyk Bankiga Click ulushini sotib olishga ruxsat berildi. Bu bo‘yicha Qozog‘iston Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi 29-sentabr kuni tegishli qarorni qabul qildi.

Halyk Bank va Click o‘rtasidagi bitimni yakunlash uchun Markaziy bank va Raqobat qo‘mitasi tomonidan ham rozilik olinishi kerak. Ayni paytda O‘zbekistondagi regulyatorlar kelishuvga hali ruxsat bermagan, deb xabar berdi Spot’ga vaziyatdan xabardor manba.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, Halyk Bank Click to‘lov xizmatining 49% ulushini $176,4 mlnga sotib oladi, Click aksiyadorlari esa, o‘z navbatida, Tenge Bank (Halyk Bank sho‘ba korxonasi) ning 49% aksiyalarini $60,76 mlnga xarid qiladi.

Raqobat qo‘mitasi iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berishi, Markaziy bank esa bitim natijasida 20% dan 50% gacha bo‘lgan bank (Tenge Bank) ustav kapitalidagi ulushni sotib olishga ruxsat berishi kerak.

Click bosh direktori Ulug‘bek Rustamov Halyk Bank bilan tuzilgan bitimga izoh berib, Qozog‘iston banki bilan strategik hamkorlik xizmat uchun yangi ufqlarni ochishi hamda chakana bankingda keyingi rivojlanish bosqichining boshlanishi bo‘lishini qayd etdi.

“Tenge Bank bilan birgalikda yangi avlod bankini qurishni boshlaymiz. Biz uchun bu yangi bozor, yangi jarayonlar, yangi chaqiriqlar. Ammo yangi imkoniyatlar ham,” — deb yozadi Rustamov.

U bank sohasiga foydalanuvchilar uchun mahsulotlar yaratish bo‘yicha o‘z yondashuvini olib kirishga va’da berdi. To‘lov xizmati to‘xtamayapti va kengayishda davom etmoqda, dedi u.

Avgust oyida Spot Gafurov, Kardash & Partners hamkorlari bilan Halyk Bank va Click o‘rtasidagi bitim tuzilishi, uning ehtimoliy strategik sabablari va tomonlar uchun xavf-xatarlari, baholashning adolatliligi, shuningdek, O‘zbekiston bozori va investitsiya muhiti uchun ehtimoliy oqibatlarini muhokama qildi.

Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi TBC Bank Groupga Billz operatorining 46,67% ulushini sotib olishga rozilik bergani haqida yozgandi.