Toshkentdagi Hunarmandchilik sanʼati (nomi o‘zgartirilgan) korxonasiga ortiqcha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarildi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, korxona rahbari QQSni jamiyat hisob raqamiga qaytarishni so‘rab prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (Biznes-ombudsman) ga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, mazkur muammo tadbirkorning bojsiz savdo do‘konlariga mo‘ljallangan tovarlarni sotishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Soliq kodeksining 243-moddasiga muvofiq, bunday tovarlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQSdan ozod etiladi. Natijada, ushbu soliq bo‘yicha ortiqcha to‘lov yuzaga kelgan.
Biznes-ombudsman devoni aralashuvi bilan korxonaning hisob raqamiga 1 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘i o‘tkazib berildi.
Avgust oyida Andijonda tadbirkorga texnik xatolik bilan yuborilgan 157 mlrd so‘m qarzdorlik bekor qilingandi.
Avvalroq Toshkent viloyatida sud qaroridan keyingi davr uchun asossiz hisoblanib, bank yechib olgan 115 mln so’m korxona hisobiga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.