Toshkent shahridagi Grand Mir Hotel (sobiq “Rossiya”) mehmonxonasi o‘rnida 30 qavatdan yuqori binolar qurilishi tasdiqlanmagan. Bu haqda Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Habibulla Mirsoatovning aholiga bergan javob xatidan ma’lum bo‘ldi. Ushbu xatni bloger Nikita Makarenko e’lon qilgan. Bosh prokuratura matbuot xizmati uning haqiqiyligini Spot’ga tasdiqladi.

Qayd etilishicha, murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida poytaxt prokuraturasi Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga so‘rov yuborgan.

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Arxitektura-shaharsozlik kengashining ishchi komissiyasi Grand Mir Hotel o‘rnida qurilish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish va loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlash bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqmagan.

Prokuratura 2024-yilning dekabr oyi oxirida tasdiqlangan Toshkentning 2045-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasiga e’tibor qaratdi. Ushbu rejaga muvofiq, Grand Mir Hotel mehmonxonasi o‘rnida besh qavatdan baland bo‘lgan binolarni qurish taqiqlanadi.

Nima bo‘lgandi?

Iyun oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda Grand Mir Hotel mehmonxonasi buzilib, uning o‘rnida uchta 30 qavatdan yuqori bo‘lgan bino, jumladan, biznes va savdo markazlari qurilishi haqida xabarlar tarqaldi.

Iyul oyi o‘rtalarida esa, bloger Nikita Makarenko Grand Mir Hotel xodimlariga tayanib, sentabr oyidan boshlab ikki blok, 9 qavat va 126 xonadan iborat mehmonxona keyinchalik buzilish uchun yopilishini ma’lum qildi.

Loyihaning arxitektura konsepsiyasini ishlab chiqayotgan Design Factory kompaniyasi vakili Shavkat Abdullayev Podrobno.uz'ga bergan izohida Grand Mir Hotel’ni buzish sentabr oyiga rejalashtirilganini va yil oxirigacha yakunlanishini tasdiqladi.

Yakkasaroy tumani hokimligi Spot murojaatiga javoban, Grand Mir Hotel xususiy kompaniyaga tegishli ekanligini, shuning uchun hokimiyat tadbirkorlarning ishlariga aralasha olmasligini ta’kidladi. Ayni paytda binolar majmuasini qurish loyihasi hali tuman hokimligiga kelib tushmagan. Toshkent shahar hokimligi ushbu loyihaga aloqadorligini rad etmoqda.

Vaziyatdan xabardor manbaning Spot’ga ma’lum qilishicha, Grand Mir Hotel mehmonxonasi o‘rnida binolar majmuasini qurish loyihasi allaqachon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashiga kelib tushgan. Spot Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga so‘rov yubordi, biroq hali javob olgani yo‘q.

Nikita Makarenkoning yozishicha, Yakkasaroy tumani “Bog‘saroy” mahallasining yuzlab aholisi mazkur mehmonxona o‘rnida 30 qavatli binolar qurilishiga qarshi imzo to‘plagan. Ular yaqin vaqt ichida prezident Shavkat Mirziyoyevga loyihaga qarshi bir necha ming imzo taqdim etish niyatida.

Avvalroq hukumat Chorsu mehmonxonasi o‘rnida loyiha hujjatlari tugagungacha tayyorgarlik ishlarini boshlashga ruxsat bergani haqida xabar berilgandi.