Safe Road YHXX mobil ilovasida chiroyli avtoraqamlarni xarid qilish xizmati ishga tushirildi. Bu haqda ilova rasmiy kanalida ma’lum qilindi.

Bunda avval auksionga chiqarilgan va sotilmagan 1−3-toifadagi davlat raqami belgilari yagona oshirilgan to‘lov asosida sotuvga qo‘yilgan.

To‘lov miqdori jismoniy shaxslar uchun BHMning 17 baravari (7 mln so‘m), yuridik shaxslar uchun esa BHMning 25 baravari (10,3 mln so‘m) ni tashkil etadi.

Hozirda ilova orqali avtoraqamlarni sotib olish xizmati test rejimida ishlamoqda. Safe Road’ga kirgach “Xizmatlar” bo‘limida “Avtoraqam sotib olish” xizmati mavjud. Unda jismoniy va yuridik shaxslar alohida oynalar orqali avtomobil raqamlarini izlashlari mumkin.

Foydalanuvchi hudud, ma’qul avtoraqam, raqam formati (gorizontol, kvadrat), avtomobilning dvigatel turini tanlashi kerak. Undan keyin “Qidiruv” tugmasini bosgach, natijalar kelib chiqadi.

Ilova yaratuvchilari to‘lovlar onlayn amalga oshirilishini, “ortiqcha qog‘ozbozlik hamda navbatlarsiz” avtoraqamni qabul qilib olish mumkinligini qayd etgan.

Shuningdek, yagi funksionallik joriy etilishi munosabati bilan YHXX bazasida nosozliklar kuzatilishi mumkinligi bildirilgan.

Respublika tovar-xomashyo birjasida joriy yilning 1-oktabridan boshlab davlat raqami belgilarining savdolari bekor qilindi. Uzavtomotobelgi kompaniyasi Vazirlar Mahkamasining 4-sentabrdagi qarori (VMQ-562-son) bilan avtoraqamlar uchun yagona oshirilgan to‘lov miqdorini belgilashi kerak edi.