O‘zbekistondagi atom elektr stansiyasi loyihasining qiymati hali belgilanmagan. Bu haqda 25-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan “Butunjahon atom haftaligi” doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

“[Qiymati] hozircha aniqlanmagan. Qurilishning muayyan parametrlari mavjud. U yagona umumzavod xo‘jaligi bilan bir maydonda loyiha amalga oshirilishi hisobiga maksimal darajada optimallashtiriladi. Bu orqali biz xarajatlarni sezilarli darajada maqbullashtiramiz, ammo yakuniy qiymatni barcha mutaxassislar — mahalliy, xorijiy va O‘zbekistondagi boshqa manfaatdor tuzilmalarni jalb qilgan holda belgilaymiz. Bu tegishli hisob-kitobni amalga oshirish, shuningdek, to‘g‘ri, asosli va maqbul qiymatga erishish uchun kerak”, — dedi u.

Axmedxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni ham O‘zbekistonning AES loyihasi qiymatini optimallashtirishga bo‘lgan harakatini tushunadi va bunga xayrixoh. Uning ta’kidlashicha, “juda yuqori darajadagi lokalizatsiya” hisobiga O‘zatom loyiha natijasida “maksimal optimallashtirilgan va maksimal mahalliylashtirilgan” qiymat bilan faxrlana oladi.

O‘zatom rahbari Spot muxbirining loyiha qiymati $10 mlrddan oshishi mumkinmi, degan savoliga javob bermadi. “Aytolmayman, chunki endi hisoblab chiqamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Biz texnik va moliyaviy mutaxassislar hamda ko‘plab ekspertlarni jalb qilgan holda shartnoma bo‘yicha juda qizg‘in ish boshlayapmiz, barchasini optimal nuqtaga keltiramiz. Shuning uchun stansiya qanchaga tushishini ayta olmayman. Biz qiymat munosib bo‘lishini rejalashtiryapmiz”, — dedi Axmedxo‘jayev.

Integratsiyalashgan AES

Jizzax viloyatidagi bitta maydonchada har biri 1 GVt quvvatga ega yirik VVER-1000 va har biri 55 MVt quvvatga ega kichik RITM-200N energiya bloklarini joylashtirish rejalashtirilgan. Reaktorlarni sovutish uchun quruq gradirnyalardan foydalaniladi, ularni yirik uzelli yig‘ish mamlakatda yo‘lga qo‘yiladi.

Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachyov O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida kichik va katta quvvatli atom stansiyalari ishlaydigan integratsiyalashgan atom stansiyasini quradigan dunyodagi birinchi davlat bo‘lishini ta’kidladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning qayd etishicha, bo‘lajak AES 2,1 GVt bazaviy generatsiya va moslashuvchan manyovrli quvvat bilan ta’minlaydi. 2035-yilga borib 525 gektar maydondagi kombinatsiyalashgan AES 15 mlrd kVt/soatdan ortiq energiya ishlab chiqaradi.

O‘zatom rahbari Azim Axmedxo‘jayev AES loyihasi kelajakda yangi yirik energobloklar hisobiga kengaytirilishi mumkinligini ma’lum qildi. Olimlar tomonidan o‘rganilgan va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) mutaxassislari tomonidan ma’qullangan kontur 1000 gektardan ortiq bo‘lib, kichik va katta AES kombinatsiyasi faqat 525 gektar yerni egallaydi.

Avvalroq Spot xorijiy tuzilmalar AESni moliyalashtirishga qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi.