O‘zbekiston temir yo‘llari turizm oyligi doirasida keksa yoshdagi fuqarolar uchun chegirma e’lon qildi. Bu haqda O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi matbuot xizmati xabar berdi.
Undan 55 yoshdan yuqori ayollar hamda 60 yoshdan yuqori erkaklar mamlakat bo‘ylab sayohatlar uchun foydalanishlari mumkin.
Bunda, 2−8-oktabr va 1−30-noyabr kunlari barcha mahalliy yo‘nalishdagi poyezdlar uchun temir yo‘l chiptalarining tarif qismidan 20% chegirma beriladi.
Chegirma yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdlariga amal qilmaydi.
Chiptalarni eticket.railway.uz onlayn platformasi orqali elektron tarzda hamda barcha chiptaxonalardan sotib olish mumkin.
Bundan oldin, Uzbekistan Airways keksa yoshdagilar uchun 15% gacha chegirma e’lon qildi. Undan 1-noyabrdan 30-noyabrgacha mahalliy reyslar uchun foydalanish mumkin.
Avvalroq Urganch-Nukus yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Harakat 27-sentabrdan boshlanib, har kuni amalga oshiriladi. Bir tomonlama chipta narxi 20 ming so‘mni tashkil etadi.