Digital Bridge 2025 xalqaro forumi doirasida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Telegram asoschisi Pavel Durov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Aqorda xabar berdi.

Muloqot davomida ta’lim, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Toqayev Telegram’ning “mamlakat raqamli kun tartibini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi”.

Unda kompaniya rasman Astana Hub a’zosiga aylangani hamda Qozog‘istonda o‘z ofisini ochgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, Qozog‘istondagi AIem.AI markazida sun’iy intellekt laboratoriyalari ishga tushirildi. Uning birinchi loyihasi Telegram va sun’iy intellekt vazirligi tomonidan ishga tushirilgan Qozog‘iston superkompyuter klasteri o‘rtasidagi hamkorlik bo‘ladi.

Uchrashuvda Pavel Durov Toqayevga sun’iy intellekt sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari haqida so‘zlab bergan.

O‘tgan yozda Telegram asoschilaridan biri va rahbari Pavel Durov Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurdi. Durov Ostonaga kelgan kuni “Ostona” xalqaro moliya markazi regulyatori Toncoin kriptovalyutasi bilan savdolar boshlanishini ma’qulladi.

2024-yilning kuzida Qozog‘iston raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev hukumat mamlakatda Telegram ofisini ochishga kelishib olganini, u Astana Hub texnoparkida joylashishini ma’lum qilgandi.

Avvalroq Spot Qozog‘istonda o‘qituvchilar uchun SI kursi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi. Kurs ChatGPT va Gemini’dan tortib, bir necha daqiqada taqdimotlar yaratish imkonini beruvchi Gamma AI’gacha bo‘lgan 18 ta texnologiyani qamrab oladi.