Telegram asoschisi Pavel Durov Qozog‘istonda sun’iy intellekt laboratoriyasi ochilishini ma’lum qildi. Bu haqda tadbirkor Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Digital Bridge 2025 xalqaro texnologik forumida aytib o‘tdi.

“Men bugun Alem.ai binosida maxsus sun’iy intellekt laboratoriyasini ochayotganimizni e’lon qilishdan faxrlanaman. Uning birinchi loyihasi Telegram va sun’iy intellekt vazirligi tomonidan ishga tushirilgan Qozog‘iston superkompyuter klasteri o‘rtasidagi hamkorlik bo‘ladi”, — dedi u.

Pavel Durovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda Telegram sun’iy intellekt va blokcheynni birlashtirish ustida ishlamoqda. Ushbu texnologiya milliarddan ortiq odamga markazlashtirilgan kompyuter tomonidan ta’minlangan sun’iy intellekt funksiyalaridan “maxfiy, shaffof va samarali” foydalanish imkonini beradi, dedi tadbirkor.

Birinchi bo‘lib yangi texnologiyaga milliardlab Telegram foydalanuvchilari va minglab mini-ilovalar kiradi.

“Umid qilamizki, Qozog‘iston superkompyuter klasteri ushbu tarmoq uchun birinchi yirik hisoblash quvvati yetkazib beruvchi bo‘ladi,” — dedi Durov.

O‘tgan yozda Telegram asoschilaridan biri va rahbari Pavel Durov Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurdi. Durov Ostonaga kelgan kuni “Ostona” xalqaro moliya markazi regulyatori Toncoin kriptovalyutasi bilan savdolar boshlanishini ma’qulladi.

2024-yilning kuzida Qozog‘iston raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev hukumat mamlakatda Telegram ofisini ochishga kelishib olganini, u Astana Hub texnoparkida joylashishini ma’lum qilgandi.


Avvalroq Spot Qozog‘istonda o‘qituvchilar uchun SI kursi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.

Kurs ChatGPT va Gemini’dan tortib, bir necha daqiqada taqdimotlar yaratish imkonini beruvchi Gamma AI’gacha bo‘lgan 18 ta texnologiyani qamrab oladi.