Navoiy viloyatida katta miqdordagi kriptoaktivlar aylanmasi bilan noqonuniy shug‘ullanib, daromad olayotgan shaxslar fosh etildi. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

IIV tezkor qidiruv departamenti, Kiberxavfsizlik markazi va DXX Navoiy viloyati boshqarmasi, ILMA bilan hamkorlikda tezkor profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Natijada, to‘rt nafar fuqarodan iborat jinoiy guruh faoliyat yuroitayotgani aniqlandi.

Ushbu shaxslar One Payments va P2P Trade ilovalariga boshqa shaxslarning nomlarida bo‘lgan kartalarni yuklab, 104 mlrd so‘mlik kriptoaktivlarni ayirboshlab kelgan. Buning ortidan esa yirik miqdorda daromad olingan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqarolarning yonidan 68 ta plastik karta, 12 dona uyali aloqa vositasi, 8 dona sim-karta va 2 dona kompyuter rasmiylashtirib olindi. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Spot, avvalroq, Toshkentda olti kishi 180 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptovalyuta aylanmasi uchun qo‘lga olingani haqida yozgandi. Qayd etilishicha, ular xorijiy bukmekerlik platformalari uchun pul yuvishda ishtirok etganlikda gumon qilinmoqda.