Ipoteka bank $400 mlnlik yangi ikki valyutadagi obligatsiyalarni joylashtirishga tayyorlanmoqda, deya xabar bermoqda Investing.com bank matbuot xizmatiga tayanib.
Bank ikki valyutada: $300 mlnlik besh yillik va $100 mln ekvivalentidagi o‘zbek so‘mida uch yillik obligatsiyalar chiqarish bo‘yicha barqarorlashtirish davri boshlanganini e’lon qildi. Ikkala seriya ham Vena fond birjasida (MTF) joylashtirilishi rejalashtirilgan.
J.P. Morgan Securities PLC barqarorlashtirish bo‘yicha koordinator, Citi, OTP Bank, Societe Generale, Bank of China va Mashreq Bank esa menejer bo‘ladi.
Barqarorlashtirish davri bir oy — 2-oktabrdan 2-noyabrgacha davom etadi. Bu vaqtda tashkilotchilar mahsulotning 5% gacha qismini bozor narxini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirishlari mumkin bo‘ladi.
2020-yil noyabr oyida “Ipoteka-bank” London fond birjasiga 5,5% stavkada $300 mlnlik besh yillik xalqaro obligatsiyalarni joylashtirdi. Kap Depo’ning aniqlik kiritishicha, bank o‘z majburiyatlarini shu yilning oktabr oyi oxirida to‘liq to‘lashi kerak.
2023-yil iyun oyida Vengriyaning OTP banki Ipotekabank’dagi 73,71% davlat ulushini sotib olish bo‘yicha bitimni yopdi. Yaqin uch yil ichida OTP Bank bankning qolgan 25% aksiyalarini sotib olib, bankdagi ulushini 98% ga yetkazishni rejalashtirgan edi. Bitim summasi $324 mlnni tashkil etdi.
2024-yil aprel oyida Ipoteka bank yangi yevroobligatsiyalar chiqarilishini amalga oshirdi. 1,4 trln so‘mlik qimmatli qog‘ozlar xalqaro Vena fond birjasida joylashtirildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning tashqi qarzi $8 mlrddan ortiqqa o‘sib, $72,2 mlrdga yetgani haqida yozgandi.