Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida umra tadbirlarini tashkil etishga oid reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan choralar ko‘rildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Farg‘ona viloyatida fuqaro X.S o‘zining Umra Telegram sahifasida tegishli litsenziya va ruxsatnomalarsiz safar xizmatlariga oid reklamalar tarqatgan.

“Reklama to‘g‘risida"gi qonun ning 16-moddasiga ko‘ra, litsenziya va maxsus ruxsatnoma talab etiluvchi xizmatlarni hujjatlarsiz reklama qilish qatʼiyan taqiqlanishi belgilangan.

Holat yuzasidan qo‘mita hududiy boshqarmasi tomonidan fuqaroga nisbatan maʼmuriy javobgarlik ko‘rish bo‘yicha maʼlumotlar sudga yuborildi.

Andijon viloyatida Abu Zubayr Trevel korxonasi litsenziya va ruxsatnomalarsiz umra tadbirlarini tashkil etish bilan shug‘ullangan. U Telegram‘da xizmatlarni keng targ‘ib etgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan hududiy boshqarma komissiyasi tomonidan yuzasidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi. Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Buxoro viloyatida Sokin Turizm Bukhara korxonasi tomonidan ham tegishli litsenziya hujjatlari mavjud bo‘lmagan holda umra tadbirlariga oid reklamalar tarqatilgan. Holat yuzasidan korxonaga ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Qo‘mita fuqarolar va tadbirkorlarga litsenziya hamda maxsus ruxsatnoma talab etiluvchi xizmatlarni hujjatlarsiz reklama qilish qonunbuzilish hisoblanishini eslatdi.

Jumladan, norasmiy reklama isteʼmolchilarni chalg‘itishi va insofsiz raqobatga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, qonunga zid holatlarda moliyaviy jarima va boshqa huquqiy choralar qo‘llanishiga olib keladi.

O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish

2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.

Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.

Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.

15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.

Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.

Avgust oyida O‘zbekistonda Umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.

Avvalroq Farg‘onada $5000 evaziga fuqarolarni Umraga jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangandi.