Farg‘ona viloyati Davlat soliq boshqarmasi xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, boshqarmaning tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi katta inspektori o‘z ukasiga berilgan 48 sotix yer maydonini tanishlari yordamida boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib berish evaziga $30 ming talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u pulni olayotganda qo‘lga olingan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, tergov ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentda “dom” qurishga ruxsat olib berish uchun $900 ming talab qilgan shaxslar ushlangani haqida xabar berilgandi.

Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchilar oldindan $220 mingni olgan vaqtlarida ushlandi.

Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik juda ko‘p miqdorda) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (Pora berish juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Shuningdek, Farg‘onada bojxona posti boshlig‘i $5 ming pora bilan ushlangandi.

Mansabdor shaxs 80 dona iPhone 16 ni postdan noqonuniy o‘tkazib berish evaziga $5 ming va 1 dona iPhone 16 Pro talab qilgan.