Uchta hududda ayrim mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Andijon viloyati, Bo‘ston tumani hokimining investitsiya hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘zaro til biriktirgan.

Ular tumandagi fermer xo‘jaligining $500 minglik eksport rejasini soxta eksport operatsiyalari orqali yopib berish evaziga 65 mln so‘m talab qilgan.

Tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari avgustda so‘ralgan pulning 25 mln so‘mini avans sifatida oladi. Qolgan 40 mln so‘mni tuman hokimining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari orqali olayotgan paytda ushlandi.

Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari (Pora olish tamagirlik yo‘li bilan; bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Boshqa bir holat Toshkent shahrida kuzatilgan. Unda fuqaro DXX Call markaziga murojaat qilib, korrupsiya haqida xabar bergan.

U 2 nafar shaxs o‘zlarining hokimlikda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Sergelida joylashgan korxonaga tegishli 1 gektar yerning toifasini o‘zgartirib, u yerda ko‘p qavatli uy-joy qurishga ruxsat olib berish uchun $900 ming talab qilishganligini aytadi.

Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchilar oldindan $220 mingni olgan vaqtlarida ushlandi.

Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik juda ko‘p miqdorda) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (Pora berish juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Qarshi shahrida joylashgan “Vatanparvar” tashkilotining viloyat kengashi raisi o‘rinbosari ariza muallifining o‘g‘liga imtihonsiz haydovchilik guvohnomasini olib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga xizmat xonasida 20 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Firibgarlik ko‘p miqdorda) va 28,211-moddasi 1-qismi (Pora berish, mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Namangan shahar hokimi $60 ming pora olganlikda gumonlanayotgani haqida xabar berilgandi.