O‘zbekistonda pensiyalarni naqd pulda to‘lashning yangi tartibi joriy qilindi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

Endi to‘lovlar fuqarolarning biometrik identifikatsiyasi (Face-ID) orqali amalga oshirilmoqda.

Oktabrdan boshlab hududlarda pensiyalarni naqd shaklda olishda fuqaroning shaxsi Face-ID orqali tasdiqlanadi va imzo elektron tarzda olinadi.

Qayd etilishicha, mazkur tizim pensiyalarni o‘z egasiga to‘liq va o‘z vaqtida yetkazishni ta’minlaydi.

Mazkur tizim pensiyalarni o‘z egasiga o‘z vaqtida yetkazib, hisobotda “to‘landi” deb ko‘rsatilsa-da, amalda to‘lanmaslik yoki boshqa shaxslarga o‘tib ketishining oldini oladi.

Avvalroq 1-oktabrdan pensiya to‘lovlarida Face-ID orqali biometrik identifikatsiya joriy etilishi haqida xabar berilgandi.

Davlat pensiya ta’minotiga oid xizmatlarda yangi tartib joriy etiladi. Endilikda Xalq banki orqali pensiyalarni naqd pul shaklida olishda fuqarolar biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali tasdiqlanadi va to‘lov qaydnomasi planshet yordamida elektron imzo bilan rasmiylashtiriladi.

Adliya vazirligi Pensiya jamg‘armasi va Xalq banki so‘roviga asosan fuqarolarning biometrik identifikatsiya ma’lumotlarini bepul taqdim etadi. Biometrik tizimni joriy etish uchun zarur qurilmalar xaridi Pensiya jamg‘armasi va Xalq banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Pensiya islohoti

2024-yil sentyabrda Vazirlar Mahkamasi davlat pensiya ta’minotini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqadigan ishchi guruh tarkibini tasdiqladi. Ishchi guruhga amaldagi pensiya tizimidagi mavjud muammolarni o‘rganish vazifasi yuklandi.

Pensiya islohotlari konsepsiyasi loyihasini 2025-yil 1-martgacha Prezident Administratsiyasiga kiritish topshirildi. Ishchi guruhga Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qiladi.

Aprel oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Budjet xarajatlari samaradorligini oshirish uchun pensiya islohotini o‘tkazish taklif etildi.

Oxirgi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobar, xarajatlari esa 5 barobar oshgan. 2020-yildan boshlab pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun doimiy ravishda davlat budjetidan transfert ajratiladi. 2022-yilda transfert miqdori 11 trln so‘mni tashkil etib, umumiy xarajatlarning chorak qismini tashkil etdi. 2023-yil uchun 15 trln so‘m (29%) ajratish rejalashtirilgandi. 2030-yilda transfert hajmi 38 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistonda pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish va buning uchun 6 ta yo‘nalishdagi 5 ta qonunni qabul qilishni taklif qilgandi. Bular qatorida “sug‘urta staji"ni joriy etish, pensiya bo‘yicha xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish bor.

Undan keyin Strategik islohotlar agentligi ijtimoiy tarmoqlarda pensiya tizimini xususiylashtirish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarni rad etib, pensiya tizimiga xususiy sektorni jalb qilish taklifi davlat ishtirokidagi pensiya fondini bekor qilishni nazarda tutmasligini ma’lum qildi.

Avvalroq senatorlar pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyani ularning alohida murojaatisiz proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilovchi qonunni ma’qullagani haqida xabar berilgandi.

May oyida XVJning respublikadagi doimiy vakili Koba Gvenetadze O‘zbekistonda pensiya islohoti zarurligini ta’kidladi. U hozirgi pensiyaga chiqish yoshi (erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh) jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan past ekanligini qo‘shimcha qildi.

Prezident O‘zbekistonda yoshga doir pensiyalarni proaktiv tarzda tayinlash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu fuqarolar pensiya yoshiga yetgan kuni avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

1-iyuldan boshlab pensiyalar, nafaqalar, shuningdek, bolalar nafaqalari va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam o‘rtacha 10% ga oshiriladi. Xususan:

  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori 918 ming so‘mni;
  • nogironlik bo‘yicha eng kam pensiya miqdori 1 mln 12 ming so‘mni;
  • kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordam 420 ming so‘mni tashkil etadi.