100 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Rossiyaga tashkiliy tarzda ishlash uchun yo‘l oldi. Bu haqda 2-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Peterburg muloqoti” forumida Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev maʼlum qildi, deya Gazeta xabar bermoqda.

Uning aytishicha, joriy yilda yuzlab rossiyalik ish beruvchilar 150 mingdan ortiq xodimga ehtiyoj borligini bildirgan.

“Joriy yilning o‘zida Rossiyaning 320 ta ish beruvchisidan 150 mingdan ortiq ish o‘rnini to‘ldirish bo‘yicha takliflar kelib tushdi. 106 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi tashkiliy tarzda yuborildi”, — dedi Migratsiya agentligi rahbari (Praym'dan iqtibos).

Behzod Musayev mehnat migrantlariga nafaqat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida, balki yirik sanoat korxonalari — Lukoyl, Gazprom, Rusal, Kamaz, AvtoVAZ, shuningdek, Tataristondagi Alabuga iqtisodiy zonasi va eng yirik logistika kompaniyalarida ham talab yuqori ekanligini taʼkidladi.

Migratsiya agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, Rossiyada 1,3 mlnga yaqin O‘zbekiston fuqarosi vaqtincha mehnat faoliyatini olib bormoqda. Bunda migrantlar soni mavsumga va ish beruvchilarning talabiga qarab o‘zgarib turadi. Rossiya prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengashda yuqoriroq ko‘rsatkich — taxminan 2 mln kishi keltirilgan.

Avgust oyida Rossiya Mehnat vazirligi hukumatga 2026-yilda iqtisodiyotning bir qator tarmoqlarida xorijiy ishchilarni yollashni keskin qisqartirishni taklif etdi. Ilgari cheklovlar bo‘lmagan umumiy ovqatlanish joylarida 50% gacha cheklov joriy etish, qurilishda esa 80% dan 50% gacha kamaytirish rejalashtirilmoqda.

Maxsus do‘konlarda alkogol va tamaki mahsulotlarining chakana savdosida chet elliklar uchun ruxsat etilgan kvota 15% dan to‘liq taqiqqa tushishi mumkin. Yana bir nechta sohalarda mehnat migrantlarining maksimal ulushini 50% o‘rniga 40% qilib belgilash taklif etildi.

Bundan tashqari, Mehnat vazirligi Rossiyaning 29 ta subyektida ishga yollashning mintaqaviy xususiyatlarini belgilashni taklif qildi. Shundan 14 ta hududda ayrim faoliyat turlarida chet ellik ishchilarning yo‘l qo‘yiladigan ulushi federal ko‘rsatkichlardan past bo‘lishi mumkin.

Avvalroq O‘zbekiston Rossiyadagi migrantlar uchun imtihonlarni soddalashtirishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.