6-oktabr kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

1 gramm oltin 1 mln 572 ming 600 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik o‘lchovli quyma 7 mln 860 ming so‘mdan sotilmoqda.

Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:

  • 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 7 mln 860 ming so‘m;
  • 10 gramm oltin quyma narxi 15 mln 721 ming som;
  • 20 gramm oltin quyma narxi 31 mln 441 ming so‘m;
  • 50 gramm oltin quyma narxi 78 mln 603 ming so‘m;
  • 100 gramm oltin quyma narxi 157 mln 206 ming so‘mni tashkil qiladi.

Yil boshidan buyon oltin mahalliy bozordagi maksimal narxlarni 36 marta yangilab, 38,8% ga qimmatlashdi. Quyma narxi 2024-yilning oktabr oyiga nisbatan 40,2% ga oshgan.

Jahon oltin kotirovkalari AQSh Federal zaxira tomonidan kutilayotgan siyosat yumshatilishi fonida birinchi marta troya unsiyasi uchun $3939 (gramm uchun $126,65) ga yetdi.

Qimmatbaho metallga bo‘lgan talab AQShda 1-oktabrdan boshlangan shatdaun fonida ortib bormoqda. Bu shatdaun yangi moliyaviy yil uchun byudjet bo‘yicha muzokaralar sog‘liqni saqlash xarajatlari yuzasidan Kongressdagi kelishmovchiliklar tufayli muvaffaqiyatsiz yakunlangandan so‘ng yuz berdi.

Goldman Sachs Group Federal zaxira tizimining mustaqilligiga putur yetgan taqdirda, oltin narxi bir unsiya uchun qariyb $5 minggacha ko‘tarilishi mumkinligini bashorat qilmoqda.

Bank tahlilchilari, hatto g‘aznachilik obligatsiyalaridan oltinga o‘tkaziladigan aktivlarning oz miqdori ham qimmatbaho metall narxining sezilarli darajada oshishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblashmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixda ilk bor $50 mlrddan oshgani haqida yozgandi. Oltin zaxiralari ham bir oyda $40,06 mlrdga yetib, qiymat jihatidan rekordni yangiladi.