Huggies tovar belgisidan noqonuniy foydalangan Ahangaron Hygienic Pro’ni jarimaga tortdi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga Kimberly-Clark korxonasi murojaat qilgan.

Unda korxona o‘ziga tegishli bo‘lgan Huggies tovar belgisidan Ahangaron Hygienic Pro korxonasi ruxsatsiz foydalanganidan noroziligi keltirilgan.

O‘rganishlar davomida Ahangaron Hygienic Pro haqiqatdan ham ushbu tovar belgisidan foydalangani va uning obro‘siga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgani aniqlandi.

Shu bois korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli qonun talablari buzilgan deb topildi va moliyaviy jarima qo‘llanildi.

Qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan Ahangaron Hygienic Pro’ga ko‘rsatma berildi.

Avgust oyida Uzum nomidan noqonuniy foydalangan restoran 94 mln so‘m to‘lagandi. Bundan tashqari, Tommy Hilfiger brendi ostida kontrafakt kiyimlarni sotgan korxonaga chora ko‘rilgan edi.

Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi Forsil reklamasi uchun Nika Pharmni jarimaga tortgani haqida yozgandi.