Iyul-sentyabr oylarida ish beruvchilar hh.uz platformasiga 33 mingdan ortiq faol ish o‘rinlarini joylashtirdilar. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ularning soni deyarli 24% ga oshgan.

Nashr etilayotgan ish takliflarining aksariyati hamon Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq, ularning ulushi 81,9% gacha pasaydi (2024-yilda 90% dan ortiq edi).

Ish takliflari soni Jizzaxda 1,5 barobardan ko‘p, Namanganda 49% , Andijon, Farg‘ona, Buxoro va Samarqandda 40% dan ziyod oshdi. Shunday bo‘lsa-da, hududlar kesimida bo‘sh ish o‘rinlarining 4,8%i Samarqand shahriga to‘g‘ri kelsa, boshqa shaharlarning ulushi 1,6%dan oshmaydi.

Ish haqi

Taklif etilayotgan o‘rtacha ish haqi chorak yakuni bo‘yicha o‘tgan yilga nisbatan 20,2 foizga pasayib, 4 362 863 so‘mni tashkil etdi. Poytaxtda bu ko‘rsatkich eng yuqori (5,083 mln so‘m) bo‘lib, deyarli 41 foizga kamaygan.

Ish haqi takliflarining eng yuqori o‘sishi Andijon (+25%), Samarqand va Farg‘onada (+2,7%) kuzatildi. Boshqa tomondan, Navoiyda o‘rtacha maosh ikki baravardan ko‘proqqa, Qarshida 92,3% ga, Chirchiqda esa 21,6% ga pasaydi.

Bunday tebranishlarning ehtimoliy sabablari sifatida taklif tuzilmasidagi o‘zgarishlar, ommaviy bo‘sh ish o‘rinlari ulushining ko‘payishi va mavsumiy omillar ko‘rsatilmoqda.

Eng yuqori maoshlar, ilgarigidek, oliy va o‘rta boshqaruv sohasida kuzatilmoqda — 8,94 mln so‘m, bu o‘tgan yilga nisbatan 13,7% kamdir. Undan keyin huquqshunoslar 6,5 mln so‘m bilan (21% ga kamaygan) ikkinchi o‘rinda turibdi.

Shuningdek, taklif bo‘yicha eng yuqori beshlikka avtomobil biznesi (6,48 mln so‘m), qishloq xo‘jaligi (6,16 mln so‘m), investitsiya va konsalting sohalari (5,44 mln so‘m) kirdi. Bularning ichida faqat qishloq xo‘jaligi sohasida maoshlar pasaymadi.

Xavfsizlik sohasidagi maoshlar eng past darajada bo‘lib, 1,59 mln so‘mni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar kam. Sug‘urta sohasida 2,36 mln so‘m (-62%), uy xizmatchilari uchun 2,4 mln so‘m (-32,3%), mehmondo‘stlik va umumiy ovqatlanish xodimlari uchun 2,65 mln so‘m taklif qilindi. IT sohasida taklif etilayotgan maosh 4,35 mln so‘mni tashkil etdi.

Ma’muriy xodimlar sohasida taklif etilayotgan ish haqi 72,6% ga kamayib, 3,13 mln so‘mni tashkil etdi. Qurilish sohasida ish haqi 62,5 foizga (4,099 million so‘mgacha), moliya va buxgalteriya yo‘nalishida esa 47,7% ga (5,02 mln so‘mgacha) pasaydi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi yarim yillikda o‘rtacha nominal ish haqi 5,98 mln so‘mni tashkil etdi — bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 17,2% ko‘pdir. Toshkent shahrida o‘rtacha ish haqi 10 mlh so‘mdan oshdi, sohalar orasida esa moliya va IT yo‘nalishlari yetakchilik qilmoqda.

Sohalar bo‘yicha vakansiyalar

Ko‘pincha, o‘tgan yilgidek, kompaniyalar sotuv va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohasida xodimlarni izlashgan — bo‘sh ish o‘rinlarining qariyb 15%ini tashkil etgan.

Keyingi o‘rinlarda marketing va reklama sohalari (11%), fitnes, sport va go‘zallik yo‘nalishlari (7,8%) hamda avtomobil biznesi (6,7%) joylashgan. Sohalar bo‘yicha birinchi beshtalikni mehmonxona-restoran biznesi turistik soha bilan birgalikda yakunlaydi — 6,1%.

Eng kam takliflar sug‘urta (0,1%), xavfsizlik va huquqshunoslik (0,6%) sohalariga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, ish beruvchilar hh.uz saytida xarid bo‘yicha mutaxassislarni (0,7%), qishloq xo‘jaligi xodimlarini (0,8%) va xomashyo qazib oluvchi ishchilarni (0,9%) kamdan-kam izlashgan.

Boshqa tomondan, sug‘urta sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari soni 2,5 baravarga ko‘paydi. Bundan tashqari, HR mutaxassislari, buxgalterlar va moliyaviy ekspertlarga bo‘lgan talab sezilarli darajada (+54,9%) oshgani, shuningdek, qazib olish sohasi (+52,2%) va chakana savdoda (+41%) ham talab o‘sgani qayd etildi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda real ish haqlari Markaziy Osiyo mamlakatlariga qaraganda sekinroq o‘sayotgani haqida yozgandi.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, kelajakda bu aholining xarid qobiliyati pasayishiga va talabning zaiflashishiga olib kelishi mumkin.