Namanganda Red Bull brendining kontrafakt nusxalarini sotgan tadbirkorga nisbatan ish ko‘rildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, ish Red Bull GmbH (Avstriya) kompaniyasining da‘vosi asosida viloyat iqtisodiy sudi tomonidan ko‘rilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga Red Bull tovar belgisi bilan bir xil yoki adashtiradigan darajada o‘xshash mahsulotlarni O‘zbekistonda muomalaga kiritish taqiqlandi.

Kontrafakt mahsulotlar, qadoqlar va reklama materiallarini 10 kun ichida yo‘q qilish majburiyati yuklatildi.

Shuningdek, sud qaroriga binoan javobgar hisobidan 4,12 mln so‘m kompensatsiya, 4,94 mln so‘m davlat boji, 41,2 ming so‘m pochta hamda 103 ming so‘m sud xarajatlari undirilishi belgilandi.

Avgust oyida Zodac va Edem BADlarining 3 mingga yaqin kontrafakt nusxalari aniqlangandi. Bundan tashqari, Tommy Hilfiger brendi ostida kontrafakt kiyimlarni sotgan korxonaga chora ko‘rilgandi.

Spot, avvalroq, Huggies tovar belgisidan noqonuniy foydalangan korxona jarimaga tortilgani haqida yozgandi.