Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida 7-oktabrdan markaziy avtobus yo‘lagi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, birinchi bosqichda ushbu yo‘lak orqali 38-, 57- va 58-sonli avtobus yo‘nalishlari harakatlanadi.
Loyihadan jamoat transportiga ustuvorlik berish, tirbandliklarni kamaytirish va yo‘lovchilar uchun qulay hamda xavfsiz sharoit yaratish maqsad qilingan.
Vazirlik ushbu hududda harakatlanish bo‘yicha qisqa qo‘llanma taqdim etidi.
Jumladan, avtobuslar endi yo‘lning o‘rta qismidagi maxsus ajratilgan yo‘lak orqali harakatlanadi. Yo‘lovchilar yo‘l o‘rtasida joylashgan maxsus platformalardagi bekatlar orqali avtobusga chiqishlari va tushishlari mumkin.
Platformaga faqat belgilangan piyodalar o‘tish joylari orqali chiqish lozim, belgilanmagan joydan o‘tish qat‘iyan man etiladi. Avtobusni faqat old tomonidan aylanib o‘tish kerak.
Yo‘lovchilar yo‘lni faqat belgilangan piyodalar o‘tish joylari orqali kesib o‘tishlari mumkin. Platformada sariq xavfsizlik chizig‘i ortida turish, avtobus to‘liq to‘xtagachgina eshikka yaqinlashish lozim.
Avval keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolali yo‘lovchilarga yo‘l berish kerakligi eslatib o‘tildi. Vazirlik piyodalarga bekat atrofida to‘xtab, suratga olish yoki telefondan foydalanishda ehtiyot bo‘lishni taʼkidladi.
O‘z navbatida, haydovchilar uchun ham zarur tushuntirishlar berildi.
Qayd etilishicha, ko‘chaning o‘rta yo‘lagi faqat avtobuslar harakati uchun mo‘ljallangan. Bu yo‘lakda boshqa transport vositalarining harakatlanishi, to‘xtashi yoki yo‘lni kesib o‘tishi qat‘iyan taqiqlanadi.
Markaziy yo‘lakda avtobuslarga ustuvorlik beriladi. Ruxsat etilgan kesishmalarda avtobus harakatiga yo‘l berish kerak.
Ikki yo‘nalishda ham chapga burilish va ortga qayrilib olish taqiqlangan. Chapga burilish yoki qayrilish zarur bo‘lgan haydovchilar belgilangan chorrahalar orqali harakatlanishlari lozim.
“Markaziy avtobus yo‘lagi — Toshkent transport tizimini zamonaviylashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Barcha yo‘l harakati ishtirokchilaridan hamkorlik, ehtiyotkorlik va madaniyatli harakatlanish so‘raladi”, deyiladi Transport vazirligi xabarida.
O‘zi nima gap?
Shota Rustaveli ko‘chasining Grand Mir mehmonxonasi bilan kesishmasidan Bobur ko‘chasigacha bo‘lgan qismi rekonstruksiya ishlari sababli 2−25-avgust kunlari avtomobillar uchun yopilgan edi.
May oyida Toshkent shahar hokimligi Shota Rustaveli ko‘chasini kompleks rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etgan edi. U Yangi Sergeli — Shota Rustaveli — Shahrisabz — Amir Temur transport yo‘lagining bir qismi hisoblanadi.
Yozning uch oyiga mo‘ljallangan qurilish ishlari Mirobod ko‘chasi bilan kesishgan chorrahadan (Grand Mir mehmonxonasi yonidagi aylana) Choshtepa ko‘chasi bilan kesishgan chorrahagacha bo‘lgan 6,5 kilometrlik hududni qamrab olishi, yo‘lakning boshqa qismlarini rekonstruksiya qilish ishlarini yil oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgani maʼlum qilingan edi.
Yo‘lakni rekonstruksiya qilish qiymati taxminan $50 mlnni tashkil etadi.
23-sentabr kuni Shota Rustaveli ko‘chasining Shahrisabz ko‘chasidan Cho‘pon ota ko‘chasigacha bo‘lgan qismi transport harakati uchun ochildi.
Spot, avvalroq, Transport vazirligiga Toshkentda tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha senator so‘rovi yuborilgani haqida yozgandi.