Toshkentda sentabr oyida uy-joy ijarasi narxlari avgust oyiga nisbatan o‘rtacha 4−6% ga ko‘tarilgan. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lum qildi.
Mutaxassislar olx.uz platformasidagi deyarli 60 ming e’lonni tahlil qilishdi — avgustda 28,2 ming va sentyabrda 31,6 ming. Narxlarning oshishi yangi ta’mirlangan kvartiralarda ham, o‘rtacha holatdagi uy-joylarda ham kuzatildi.
O‘rtacha holatdagi kvartiralar uchun ijara to‘lovi xonalar soniga qarab 3,5−5,2% ga oshdi.
Bir xonali ijara uylari o‘rtacha $334 dan taklif qilinmoqda, bu esa avgust oyiga nisbatan $16 ga ko‘p. Ikki xonali kvartiralar $18 ga ($412 gacha), uch xonali kvartiralar esa $25 ga ($502 gacha) qimmatlashdi. 4 xonali kvartiralar narxining o‘sishi $19ni tashkil etdi.
Uy-joy narxlari bo‘yicha Sergeli tumani nisbatan arzon bo‘lib qolmoqda: bu yerda 1 xonali kvartirani $293 ga, 2 xonali kvartirani $365 ga, 3 xonali kvartirani esa $412 ga ijaraga olish mumkin.
To‘rt xonali kvartiralar eng arzon Uchtepa tumanida taklif etilmoqda ($400). Boshqa tomondan, Shayxontohur tumanidagi ijara uylari eng qimmat hisoblanadi.
Yangi segmentdagi uy-joylar bir oy ichida 5−6% ga qimmatlashdi. 4 xonali kvartiralar bundan mustasno bo‘lib, ularning narxi atigi $16 ga (1,3%) — $1200 gacha oshdi.
Bitta xonadan iborat kvartira ijaraga oluvchiga o‘rtacha $435 ga tushadi yoki avgust oyiga nisbatan $22 ga qimmatroq bo‘ladi. Ikki xonali kvartira uchun $614 (+$34), uch xonali kvartira uchun $874 (+$50) sarflashga to‘g‘ri keladi.
Sergeli va Uchtepa tumanlaridagi yangi kvartiralar poytaxtning boshqa hududlaridagiga nisbatan arzonroq. Sergelidagi bir xonali kvartira narxi $318, ikki xonali $419, uch xonali esa $497 ni tashkil etadi.
Eng qimmat bir va uch xonali kvartiralar Shayxontohur tumanida joylashgan (mos ravishda $535 va $1094 ga). Biroq, ikki va to‘rt xonali kvartiralarning eng yuqori narxlari Mirobod tumanida kuzatiladi ($762 va $1462 ga teng).
MHTI ijara narxlarining o‘sishi qisman mavsumiy omil — o‘quv yilining boshlanishi bilan bog‘liqligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, so‘mning AQSH dollariga nisbatan mustahkamlanishi natijasida dollardagi narxlar ham ko‘tarilgani kuzatilmoqda.
Avvalroq Spot avgust oyida uy-joy savdosi biroz pasaygani haqida yozgandi. Hududlar kesimida eng ko‘p bitimlar Sirdaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida qayd etildi.