Avvalroq Spot Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida markaziy avtobus yo‘lagida avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.
7-oktabrdan ushbu ko‘chada BRT (Bus rapid transit — tezyurar avtobus transporti) tipidagi, avtobuslar uchun ajratilgan maxsus yo‘lak ishga tushdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonda ilk bor amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida birinchi bosqichda yo‘lak orqali 38-, 57- va 58-sonli avtobuslar harakatlanadi.
“Ushbu ko‘chada avtobuslar tirbandlikda turmasdan, tez va qulay harakatlanadi. Yo‘lovchilar uchun vaqt tejaladi, xizmat sifati esa yaxshilanadi”, deyiladi xabarda.
Transport vazirligi aholi hamda haydovchialr uchun ushbu hududda harakatlanish bo‘yicha qisqa qo‘llanma taqdim etdi.
Jumladan, avtobuslar endi yo‘lning o‘rta qismidagi maxsus ajratilgan yo‘lak orqali harakatlanadi. Yo‘lovchilar yo‘l o‘rtasida joylashgan maxsus platformalardagi bekatlar orqali avtobusga chiqishlari va tushishlari mumkin.
Ko‘chaning o‘rta yo‘lagi faqat avtobuslar harakati uchun mo‘ljallangan. Bu yo‘lakda boshqa transport vositalarining harakatlanishi, to‘xtashi yoki yo‘lni kesib o‘tishi qat‘iyan taqiqlanadi.
2024-yilning sentabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan markaziy shaharlarda transport va piyodalar oqimlarining kesishish nuqtalari sonini kamaytirish, alohida avtobus yo‘llarini tashkil etish orqali tezkor avtobus yo‘nalishlari (BRT) tizimini joriy etish belgilangandi.
O‘zi nima gap?
Shota Rustaveli ko‘chasining Grand Mir mehmonxonasi bilan kesishmasidan Bobur ko‘chasigacha bo‘lgan qismi rekonstruksiya ishlari sababli 2−25-avgust kunlari avtomobillar uchun yopilgan edi.
May oyida Toshkent shahar hokimligi Shota Rustaveli ko‘chasini kompleks rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etgan edi. U Yangi Sergeli — Shota Rustaveli — Shahrisabz — Amir Temur transport yo‘lagining bir qismi hisoblanadi.
Yozning uch oyiga mo‘ljallangan qurilish ishlari Mirobod ko‘chasi bilan kesishgan chorrahadan (Grand Mir mehmonxonasi yonidagi aylana) Choshtepa ko‘chasi bilan kesishgan chorrahagacha bo‘lgan 6,5 kilometrlik hududni qamrab olishi, yo‘lakning boshqa qismlarini rekonstruksiya qilish ishlarini yil oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgani maʼlum qilingan edi.
Yo‘lakni rekonstruksiya qilish qiymati taxminan $50 mlnni tashkil etadi.
23-sentabr kuni Shota Rustaveli ko‘chasining Shahrisabz ko‘chasidan Cho‘pon ota ko‘chasigacha bo‘lgan qismi transport harakati uchun ochildi.
Spot, avvalroq, Transport vazirligiga Toshkentda tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha senator so‘rovi yuborilgani haqida yozgandi.