O‘zbekistonda tovarlarni bojsiz olib kirish normasi fuqarolarga qo‘shimcha xarajat yuklab, bozordagi raqobatga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda Yuksalish umummilliy harakati ma’lum qildi.
Hukumat qarori bilan joriy yilning 1-mayidan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari havo transportida — $1000, temir yo‘l va daryo transportida — $500, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida — $300, xalqaro kuryerlik jo‘natmalarida — $200 hamda pochta orqali $100 etib belgilangan. Bojsiz olib kirish normasidan ortiq qismiga 30% to‘lov undiriladi.
Harakat tomonidan qayd etilishicha, bojxona to‘lovlari monopoliya xavfini kuchaytirmoqda. Fuqarolar O‘zbekistonda rasmiy distribyutori bo‘lmagan tovarlarni chetdan olib kelishga majbur. 30% lik boj esa ularni sun’iy qimmatlashtirib, iste’molchi tanlovining cheklanishi va yirik importchilarning mavqeyi mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.
“Natijada, raqobat pasayishi, narxlar oshib, tovarlar sifati yomonlashishi va kichik hamda o‘rta tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyatlari cheklanishi mumkin. Buning oqibatida iste’molchilar tanlov huquqidan mahrum bo‘ladi va sog‘lom bozor rivojlanishi to‘xtaydi”, deyiladi xabarda.
Yuksalish yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda samarali hamda inson huquqlariga daxl qilmaydigan mexanizmlar ishlab chiqish kerakligini qayd etdi.
Ushbu muammolarga yechim sifatida harakat quyidagilarni taklif qiladi:
- shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni O‘zbekiston hududiga olib kirishda qo‘llaniladigan boj to‘lovlari, limitlar va stavkalar faqat qonun darajasida belgilanishi lozim;
- tijorat maqsadidagi importni shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlardan aniq ajratish mexanizmini ishlab chiqib, normadan oshgan qismiga nisbatan 30% o‘rniga pastroq, mutanosib va progressiv stavkalarni qo‘llash;
- bojxona tariflarini mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash ko‘rinishida monopoliyani shakllantirish vositasi emas, balki faqat haqiqiy kontrabandaga qarshi kurash hamda raqobatni rivojlantirish vositasi sifatida qo‘llash;
- ichki bozorda yetarlicha raqobat shakllanmagan tovarlar uchun import shartlarini yengillashtirish;
- ro‘yxatga olish jarayonini soddalashtirish va boj to‘lovi talab qilinmagan hollarda (masalan, 1−2 dona shaxsiy qurilma) UzIMEI orqali ro‘yxatga olishni bepul qilish.
Harakat shaxsiy iste’mol tovarlariga qo‘llanilayotgan yuqori boj to‘lovlari fuqarolarning mulkiy huquqlariga putur yetkazishini eslatib o‘tgan. Shu sababli boj siyosati iqtisodiy erkinlik va adolat tamoyillarini himoya qilgan holda kontrabandaga qarshi qaratilgan bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Avvalroq Bojxona qo‘mitasi iPhone 17‘ni O‘zbekistonga olib kirish qanchaga tushishini tushuntirgandi. Qo‘mita AQSh, BAA, Janubiy Koreya hamda Xitoydan yangi iPhone 17ni olib kirish uchun belgilanadigan bojxona qiymatini tushuntirdi.