Buxoroda tadbirkorga nisbatan ortiqcha hisoblangan qarzdorlik bekor qilindi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
Qorako‘l tumanlararo iqtisodiy sudi qarori bilan Meros korxonasidan (nomi o‘zgartirilgan) turistik yig‘im to‘lovidan yuzaga kelgan qarz va penya sifatida jami 472 mln so‘m undirish belgilangan.
O‘rganishlarda hujjat va maʼlumotlar tahlil qilinib, qayta hisob-kitob qilindi. Natijada korxonaning turistik yig‘im bo‘yicha haqiqiy qarzdorligi 251 mln so‘m ekanligi aniqlandi.
Korxona manfaatida Buxoro viloyati sudi iqtisodiy sudlov hayʼatining kassatsiya instansiyasiga shikoyat kiritilib, sud qarori bilan u qanoatlantirildi.
Natijada, korxonadan undirilishi lozim bo‘lgan turistik yig‘im va penya miqdori kamaytirilib, 221 mln so‘mning asossiz undirilishi oldi olindi.
Biznes-ombudsmanning qo‘shimcha qilishicha, turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar muammolarini o‘rganish uchun Telegram‘da maxsus guruh tashkil etilgan. Shu kabi holatlar kuzatilganda guruh orqali muammo va takliflarni yozish mumkin.
Avgust oyida prezidentning tadbirkorlar bilan muloqotida endilikda Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqari birorta joydagi mehmonxona turistik yig‘im to‘lamasligi aytilgandi.
Spot, avvalroq, Qoraqalpog‘istonda tadbirkorning auksion orqali olgan yeriga qo‘yilgan taqiq olib tashlangani haqida yozgandi.