Meta O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishi mumkin. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
7-oktabr kuni agentlikda Facebook, Instagram, WhatsApp Threads tarmoqlarini o‘z ichiga olgan Meta kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Meta’ning Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun davlat siyosati bo‘yicha direktor Sarim Aziz, Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston, Shri-Lanka va Maldiv orollari uchun davlat siyosati bo‘yicha rahbar Senura Abeyvardena, Markaziy Osiyo, Gonkong va Tayvan bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va ijtimoiy tashabbuslar bo‘yicha rahbar Aurora Li hamda Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston uchun davlat siyosati bo‘yicha mintaqaviy menejer Yerasil Kalixan ishtirok etdi.
Unda tomonlar O‘zbekistonda Meta vakolatxonasini ochish istiqbollari, reklamani ilgari surish va kompaniya platformalarida joylashtirishda firibgarlikning oldini olish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish muhokama qildi.
Bundan tashqari, kontentni monetizatsiya qilish va mamlakatdagi raqamli kontent yaratuvchilarini qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Tomonlar raqamli platformalarni tartibga solish, foydalanuvchilarni himoya qilish va adolatli monetizatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘rnatish va tajriba almashish muhimligini qayd etdi.
ILMA uchrashuvda raqamli xavfsizlik, reklama shaffofligi, mas’uliyatli raqamli xulq-atvorni targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilganini qayd etdi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni davom ettirish va uning muayyan yo‘nalishlarini o‘rganishga kelishib oldi.
Meta kompaniyasining mamlakatda vakolatxonasini ochish rejalari 2022-yilning kuzida ma’lum bo‘lgandi. Bu haqda IT Park’ka tashrif buyurgan Meta’ning Xitoy, Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyodagi boshqaruv direktori Jorj Chen ma’lum qildi.
Joriy yilning birinchi yarmida xorijiy IT-kompaniyalar tomonidan to‘langan soliqlar o‘tgan yilga nisbatan 42% ga o‘sib, 78,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Meta 22,6 mlrd so‘m bilan yetakchiga aylandi.
Avvalroq Facebook va Messengerda o‘smirlar akkauntlari ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi. Endi ular nomaqbul kontent va aloqalarni cheklashga mo‘ljallangan funksiyalardan avtomatik tarzda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.