Fuqarolarning osoyishtaligini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘i amaldagi 7 soatdan 8 soatga uzaytiriladi. Bu haqdagi tegishli qonun loyihasi deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

Xususan, Qonunchilik palatasi majlisida “Aholini shovqinning zararli ta‘siridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Loyiha bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘ini amaldagi 7 soatdan (soat 23:00 dan 06:00 gacha) 8 soatga (soat 23:00 dan 07:00 gacha), dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari esa soat 22:00 dan 09:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘iga o‘zgartirish taklif etilmoqda.

Ushbu vaqt oralig‘ida fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun ma‘muriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarda shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajasidan oshadigan qurilish va ta‘mirlash ishlarini ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshirish mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, shovqinning zararli ta‘siri natijasida yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya sud tartibida undiriladi. Kompensatsiya to‘lash shovqinning zararli ta‘sirining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni bajarishdan ozod etmaydi.

Shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajasidan yuqori bo‘lgan mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarning mehnati uchun qonunchilikka asosan oshirilgan miqdorda haq to‘lanishi lozim.

Bundan tashqari, fuqarolarning osoyishtaligini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqt oralig‘ida belgilangan normadan ortiq shovqinga muntazam ravishda yo‘l qo‘yayotgan obyektlar faoliyatini to‘xtatib turish mexanizmi aniqlashtirilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

23-sentabr kuni deputatlar ushbu qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqqandi. Biroq, loyiha ko‘plab bahslardan so‘ng rad etilgan va ishlab chiquvchi qo‘mitaga qaytarilgandi.

Avvalroq Strategik islohotlar agentligi prezidentning tungi iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha qarori loyihasini tayyorlagandi. Unda 24/7 ko‘chalar viloyat va tuman markazlarida, shuningdek, aholisi 50 mingdan ortiq bo‘lgan shaharlarda tashkil etilishi aytilgan edi.